Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tramp Eron bilan urush tufayli neft narxini jilovlash choralarini o‘rganmoqda
AQSh prezidenti ma’muriyati kotirovkalarning 1 barrel uchun 100 dollardan oshishi noyabr oyidagi oraliq saylovlar arafasida Amerika biznesi va iste’molchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda.
Foto: Getty images
AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin vaqt ichida Eron bilan harbiy mojaro fonida keskin ko‘tarilgan jahon neft narxini pasaytirishga qaratilgan bir qator choralarni o‘rganib chiqmoqchi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
AQSh prezidenti ma’muriyati kotirovkalarning 1 barrel uchun 100 dollardan oshishi noyabr oyidagi oraliq saylovlar arafasida Amerika biznesi va iste’molchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda. Respublikachilar ularga tayanib, Kongress ustidan nazoratni saqlab qolishga umid qilmoqda.
Muhokama qilingan chora-tadbirlar orasida:
- G7 mamlakatlari tomonidan strategik neft zaxiralaridan foydalanish;
- AQShdan eksportni cheklash;
- neft fyucherslari bozorlariga aralashish;
- ba’zi federal soliqlarni bekor qilish va mamlakat ichida yoqilg‘ini faqat Amerika bayrog‘i ostidagi kemalarda tashishni talab qiladigan Jons qonuni cheklovlarini vaqtincha olib tashlash.
Oq uyning ma’lum qilishicha, Tramp va uning jamoasi energiya bozorlarini barqarorlashtirish bo‘yicha «kuchli rejaga» ega. Ma’muriyat vakilining ta’kidlashicha, barcha oqilona variantlar ko‘rib chiqiladi va tegishli idoralar bilan muvofiqlashtirish doimiy ravishda olib boriladi.
Biroq, tahlilchilar taklif etilayotgan choralarning samaradorligiga shubha qilmoqda, chunki jangovar harakatlar dunyo neftiga bo‘lgan talabning beshdan bir qismini ta’minlaydigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali yetkazib berishni to‘sib qo‘ymoqda. 28 fevral kuni AQSh va Isroil zarbalari boshlanganidan so‘ng, qisqa muddatli narxlar bir barrel uchun 119 dollarga yetdi.
Ushbu masala bo‘yicha yig‘ilishlar yuqori martabali amaldorlar, jumladan, Oq uy apparati rahbari Syuzi Uayls va katta maslahatchi Stiven Miller ishtirokida bo‘lib o‘tmoqda. Bo‘g‘ozda tankerlarni harbiy-dengiz kuzatuvini tashkil etishga urinishlar hozircha kema qatnovini tiklashga olib kelmadi.
Mavzuga oid
23:04 / 09.03.2026
Fransiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovini tiklash uchun harbiy missiya tayyorlamoqda
21:53 / 09.03.2026
Eron hukumati AQSh va Isroil tarafdorlarining mol-mulkini musodara qiladi
21:13 / 09.03.2026
G7 davlatlari hozircha strategik neft zaxiralarini ishlatmaslikka kelishib oldi
20:30 / 09.03.2026