Jahon | 18:52
4806
5 daqiqa o‘qiladi

Yaqin Sharqdagi urushning 10 kuni: qancha inson halok bo‘ldi?

AQSh va Isroilning Eronga hujumi ortidan boshlangan harbiy harakatlar kamida 15 ta davlat hududiga yoyildi. 1700 dan ortiq qurbonlarning eng katta qismi Eron va Livanda. Bundan tashqari, Isroil, AQSh, Iroq, BAA, Saudiya, Kuvayt va Bahraynda ham yo‘qotishlar bor.

Isroil zarbalaridan keyin Bayrut vayronalari orasida yurgan erkak / Foto: Reuters

28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga hujum boshladi. Shundan so‘ng Eron – AQSh harbiy bazalari joylashgan Fors ko‘rfazi davlatlari va Isroilga qarshi hujumga o‘tdi. Hizbullohning Isroilga zarbalari ortidan Livan ham tez orada mojaroga tortildi.

Reuters nashri urushning o‘ninchi kuni – 9 mart holatiga Yaqin Sharq davlatlari xabar qilgan qurbonlar sonini jamladi. Alohida ta’kidlash kerakki, urush holatida o‘limlar sonini tekshirish yoki mustaqil ravishda tasdiqlash imkonsiz.

Eron va Livan

Urushdan eng ko‘p jabr ko‘rgan Eronda kamida 1 230 kishi halok bo‘lgan. Jumladan urushning birinchi kuni Minob shahridagi boshlang‘ich maktabga raketa zarbasi berilishi oqibatida 175 nafar o‘quvchi qiz va maktab xodimlari halok bo‘lgandi. Umumiy qurbonlar soniga Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi harbiylari kiradimi-yo‘qmi, aniq emas.

Foto: Reuters

Bundan tashqari, o‘tgan hafta AQSh suvosti kemasi Shri-Lanka qirg‘oqlari yaqinida Tehron harbiy kemasini cho‘ktirishi oqibatida Eronning kamida 104 askari halok bo‘ldi. Bu qurbonlar Qizil Yarim Oy jamiyati bergan umumiy hisobga kiritilmagan.

Livan sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, Isroil zarbalari oqibatida kamida 486 kishi halok bo‘lgan. Bularning qanchasi tinch aholi yoki Hizbulloh harbiylari ekani ma’lum emas.

Isroil va AQSh

Isroil harbiylari bergan ma’lumotga ko‘ra, Janubiy Livanda ikki nafar askar halok bo‘lgan. Bu — o‘tgan hafta Hizbulloh Eronni qo‘llab-quvvatlab, Isroilga qayta hujum boshlaganidan keyin IDF orasidagi ilk talafotdir. Shuningdek, 11 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Jumladan 1 mart kuni Quddus yaqinidagi Beyt-Shemesh shahriga Eron raketasi tushishi oqibatida to‘qqiz kishi o‘lgan.

AQShga halok bo‘lgan harbiylarining tobuti olib kelingan vaqt / Foto: AP Photo

AQSh harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, Eron bilan bog‘liq operatsiyalar davomida yetti nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi Kuvaytdagi bazaga berilgan Eron zarbasi oqibatida halok bo‘lgan.

Boshqa davlatlar

Iroq politsiyasi va sog‘liqni saqlash rasmiylariga ko‘ra, mamlakatda kamida 15 kishi halok bo‘lgan. Politsiya manbalari Reutersʼga ma’lum qilishicha, 5 mart kuni Eron qo‘llab-quvvatlaydigan qurolli guruhlar ittifoqi — «Iroqdagi Islomiy qarshilik» tarkibidagi bir qo‘mondon uning avtomobiliga berilgan aviazarba oqibatida o‘ldirilgan.

Suriyada – 28 fevral kuni Eron raketasi Suvayda shahridagi binoga kelib urilishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Birlashgan Arab Amirliklari Erondan eng ko‘p dron va raketa hujumlarini «qabul qilgan» Ko‘rfaz davlati bo‘ldi, deyish mumkin. BAA mudofaa vazirligiga ko‘ra, amirlikda Eron hujumlari oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.

1 mart kuni BAAning Sharja shahrida Eron zarbalaridan keyin ko‘tarilgan tutun / Foto: Reuters

Saudiya Arabistoni rasmiylariga ko‘ra, Ar-Riyoddan janubdagi Al-Xarj shahrida turar joy hududiga snaryad tushishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan.

Bahraynda esa Eron tomonidan amalga oshirilgan ikki alohida hujumda ikki kishi halok bo‘lgan. So‘nggi zarba poytaxt Manamadagi turar joy binosiga berilgan, deb xabar qildi ichki ishlar vazirligi.

Kuvaytda Eron hujumlari oqibatida ikki kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgan, Shuningdek, mamlakat armiyasi ikki nafar politsiyachi va ikki nafar harbiy xizmat vaqtida halok bo‘lganini bildirdi.

Ummonda esa Maskat qirg‘oqlari yaqinida suzib yurgan mahsulot tashuvchi tankerga snaryad kelib urilishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.

Reuters to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, 10 kunlik urush davomida umumiy qurbonlar soni 1700-1900 kishi orasida.

Al Jazeera nashrining yozishicha, qurbonlardan tashqari yana minglab insonlar jarohatlangan. Xususan, rasmiylar Eronda 12 ming, Isroilda esa qariyb 2 ming kishi jarohatlanganini bildirdi. AQSh va Ko‘rfaz davlatlarida ham o‘nlab insonlar raketa va dronlar hujumida jarohat olgan.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid