Jahon | 09:10
6517
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronning 16 ta mina katerini cho‘ktirdi

AQSh harbiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalash ehtimoli haqidagi xabarlardan so‘ng Eronning mina to‘siqlari qo‘yuvchi kemalarini yo‘q qila boshladi.

Foto: X / CENTCOM

AQSh Eron kemalariga, jumladan minalash uchun ishlatiladigan 16 ta katerga bir qator zarbalar berdi. Bu zarbalar Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar ortidan amalga oshirildi. Mazkur bo‘g‘oz orqali mintaqadan neft tashuvchi kemalar o‘tadi. Bu haqda 10 mart, seshanba kuni AQSh qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy akkaunti orqali xabar qildi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yaqinida Eronning mina qo‘yuvchi katerlari yo‘q qilinganini AQSh prezidenti Donald Tramp ham o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida tasdiqladi. CENTCOM esa o‘z navbatida katerlarga berilgan zarbalar videosini e’lon qildi.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi Yaqin Sharq mamlakatlaridan neft tashish uchun eng muhim yo‘laklardan biri hisoblanadi. Isroil va AQShning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon ushbu bo‘g‘oz orqali fuqaroviy kemalar deyarli harakatlanmayapti. 28 fevraldan beri faqat bitta tanker bo‘g‘ozda Eron hujumlaridan qochib o‘tishga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

10 mart kuni ertalab Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) AQSh va Isroil mamlakatga hujumlarni davom ettirar ekan, Eron mintaqa orqali biror litr ham neft eksport qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini ma’lum qildi. IIMK ayrim istisnolarni faqat o‘z hududidan amerikalik va isroillik diplomatlarni chiqarib yuborgan davlatlar uchun qo‘llashni taklif qildi.

Shundan so‘ng CBS News telekanali AQSh razvedka manbalariga tayanib, Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashga tayyorgarlik ko‘rayotganini xabar qildi. Shu ortidan Tramp agar Tehron akvatoriyani minalashni boshlasa, “misli ko‘rilmagan oqibatlar” bilan tahdid qildi.

Isroil va AQSh 28 fevral kuni ertalab Eron hududidagi obektlarga ommaviy zarbalar berib, mamlakatga hujum qildi. Janglarning birinchi kunida Eronning oliy rahbari Ali Xominaiy hamda qator yuqori lavozimli amaldorlar va kuch tuzilmalari vakillari halok bo‘ldi. Halok bo‘lgan Ali o‘rniga uning 56 yoshli o‘g‘li Mujtabo Xominaiy keldi.

Eron bunga javoban Isroil hududiga va Yaqin Sharqdagi AQSh harbiy bazalariga zarbalar bera boshladi. Jang harakatlari mintaqaning aksariyat davlatlariga ta’sir qildi, dronlar va raketalarning fuqaroviy obektlarga tegishi holatlari bir necha bor qayd etildi.

Urushning butun dunyo uchun sezilarli oqibatlaridan biri Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati to‘xtaganidan keyin yonilg‘i narxlarining keskin o‘zgarishi bo‘ldi. Masalan, 9 mart kuni savdolar ochilishi paytida Brent nefti kotirovkalari bir barrel uchun 120 dollarga yaqinlashdi. Yil boshida esa ushbu markadagi neft 60 dollar turgan. Shu bilan birga, Fors ko‘rfazi davlatlari neft qazib olish hajmi qisqarayotgani haqida xabar bera boshladi — eksport qilish imkoni bo‘lmagani sababli uni joylashtirish qiyinlashgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid