Jahon | 13:16 / 11.03.2026
1358
4 daqiqa o‘qiladi

BMTda Ukrainadan Rossiyaga bolalarni deportatsiya qilish jinoyat deb ataldi

Ukrainadan olib ketilgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni yashirish, ularning fuqaroligini kelishilmagan tarzda o‘zgartirish va ularni Rossiya oilalariga berish - insoniyatga qarshi jinoyat belgilari hisoblanadi, degan xulosaga keldi BMTning Ukraina bo‘yicha komissiyasi.

Foto: AP

Rossiya Ukraina bolalarini noqonuniy ravishda deportatsiya qilish va ularni urush tugagach Ukrainaga qaytarishga tayyorlash o‘rniga, Rossiyada muddatsiz qoldirish uchun sharoit yaratish orqali insoniyatga qarshi jinoyatlarni tizimli ravishda sodir etmoqda. Shunday xulosaga BMTning mustaqil xalqaro komissiyasi Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi paytida mamlakatda xalqaro huquqni buzgani haqidagi navbatdagi hisobotida keldi. Hisobot 9 mart, dushanba kuni e’lon qilindi.

Shu bilan birga, Rossiya hokimiyati olib ketilgan bolalarning qayerdaligi haqida ularning ota-onalariga yoki qonuniy vasiylariga ataylab ma’lumot bermayapti, bolalarning o‘zi esa majburlov sharoitida ushlab turilib, ularning vatanga qaytishiga to‘sqinlik qilinmoqda. Hisobot mualliflari ta’kidlashicha, “bolalarning qaytishiga yordam beruvchi tizimni yaratish o‘rniga, hokimiyat ularni Rossiya oilalarida yoki muassasalarida uzoq muddat joylashtirishga intilgan”.

Bundan tashqari, Rossiya hokimiyati Ukrainadan olib ketilgan bolalarni qaytarishni asossiz ravishda kechiktirmoqda, bu esa hujjatga ko‘ra harbiy jinoyatga tenglashtiriladi. BBC rus xizmati ta’kidlashicha, BMT ilk bor Ukrainadan bolalarni Rossiya tomonidan deportatsiya qilishni insoniyatga qarshi jinoyat deb atadi. Avvalroq komissiya bu ta’rifni Rossiyaning Ukrainadagi boshqa harakatlariga nisbatan bir necha bor qo‘llagan edi.

BMTning xalqaro komissiyasi Rossiyaga va u egallab olgan Ukraina hududlariga kamida 1205 nafar ukrainalik bola noqonuniy deportatsiya qilinganini tasdiqlovchi dalillarni to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

Komissiya tomonidan o‘rganilgan holatlar orasida bolalarning 80 foizini haligacha Ukrainaga qaytarishning iloji bo‘lmagan. Hisobotda qayd etilishicha, qaytarishga erishilgan bolalar ham ushbu jarayon davomida Rossiya tomonidan turli to‘siqlar, kechikishlar va ularning xavfsizligiga tahdidlarga duch kelgan. Bundan tashqari, vatanga qaytganidan so‘ng ular Rossiyada boshidan kechirgan jarohatli ruhiy tajribalar haqida so‘zlab bergan.

BMT komissiyasi ta’kidlashicha, jang harakatlari hududidan bolalarni evakuatsiya qilishning o‘zi jinoyat hisoblanmaydi, ammo bu vaqtinchalik chora bo‘lishi kerak. Bunday harakatni amalga oshirayotgan tomon esa bolalarni imkoni boricha tezroq o‘z vataniga qaytarishi shart.

BMT komissiyasi hisobotida Ukrainadan bolalarni noqonuniy deportatsiya qilishning faqat isbotlangan holatlari keltirilgan. Aslida esa bunday holatlar ko‘proq, ammo aniq raqamlarni keltirishning imkoni yo‘q — jumladan, Rossiya olib ketilgan bolalar haqidagi ma’lumotlarni yashirayotgani sababli ham.

Kiyev esa, o‘z navbatida, Rossiya Ukrainadan kamida 20 000 nafar voyaga yetmagan bolani o‘g‘irlab ketganini ma’lum qilmoqda. Biroq bu raqamga hatto ayrim ukrain huquq himoyachilari ham shubha bilan qaramoqda. 2023 yilda “Vajnyye istorii” nashri Rossiya yetim bolalar tizimiga kamida 2,5 ming nafar ukrainalik bola kiritilgani haqida yozgan edi.

Ukraina hukumati va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar boshidanoq Rossiyaning bunday siyosatini harbiy jinoyat, hatto ukrain xalqining genotsidining bir ko‘rinishi sifatida baholab kelgan. 2023 yil bahorida Xalqaro jinoiy sudi(XJS) ham bu bahoga qisman qo‘shildi — uning dastlabki ish yurituv palataci RF prezidenti Vladimir Putin va bolalar huquqlari bo‘yicha ombudsman Mariya Lvova-Belovani Donbassdan bolalarni deportatsiya qilish orqali urush qonunlarini buzganlikda gumon qilib, hibsga olish orderini bergan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid