Jahon | 07:40
3555
5 daqiqa o‘qiladi

Chizmalarda qolib ketgan 10 ta dabdabali megaloyiha

Bu megaloyihalar chizmalar taxtasidan tashqariga chiqqanida, dunyo mutlaqo boshqacha ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin edi. Ammo shaharlar qiyofasini o‘zgartirish va inson zehni imkoniyatlari chegarasini kengaytirishga qodir bo‘lgan ushbu inshootlar unutilishga mahkum bo‘ldi.

Nakheel Tower Foto: Associated Press / Alamy Stock Photo

Nakheel Tower, Dubay, BAA

2002 yildagi loyiha 1005 metr balandlikdagi minorani qurishni nazarda tutgan edi — bu dunyo tarixidagi birinchi bir kilometrdan baland inshoot bo‘lishi kerak edi. Uni 2020 yilga qadar bitkazish rejalashtirilgandi. Ammo jahon moliyaviy inqirozi Dubay ko‘chmas mulk bozorini izdan chiqardi va 2009 yilda loyiha bekor qilindi.

Wikimedia Commons

“Illinoys”, Chikago, AQSh

1956 yilda Frenk Lloyd Rayt 1600 metr balandlikdagi osmono‘par bino loyihasini ishlab chiqqan. U amalga oshirish uchun o‘ta qimmat va haddan tashqari katta bo‘lgani sababli qurilmadi. Shunga qaramay, uning ruhi ma’lum ma’noda Dubaydagi Burj-Xalifada o‘z ifodasini topdi.

Fine Art Images / Heritage Images / Getty Images

Sovetlar saroyi, Moskva, Rossiya

1930-yillar boshida Boris Iofan Sovetlar saroyini qurish bo‘yicha tanlovda g‘olib chiqqan — bu tepasida Lenin haykali o‘rnatilgan, balandligi 495 metr bo‘lgan ulkan bino bo‘lishi kerak edi. Loyiha uchun 1931 yilda ibodatxona buzib tashlangan. Qurilish 1937 yilda boshlangan, ammo urush tufayli to‘xtatilgan va keyinchalik butunlay tashlab qo‘yilgan. 1990-yillarda ibodatxona qayta tiklangan.

Barratt London / Wikimedia Commons

Trafalgar maydonidagi ehrom, London, Buyuk Britaniya

1815 yilda parlament a’zosi ser Frederik Uilyam Trench Trafalgar maydonida 91 metr balandlikdagi ehromni qurish g‘oyasini ilgari surgan. Loyiha hatto ommaviy ko‘rgazmagacha yetib borgan, biroq taxminiy qiymati — hozirgi hisobda taxminan 150 million dollar o‘ta yuqori deb topilgan. Yakunda hudud tozalanib, uning o‘rniga Nelson kolonnasi barpo etilgan.

Barratt London / Wikimedia Commons  

Xrustall saroy minorasi, London, Buyuk Britaniya

Ulkan shisha va temirdan qurilgan Xrustall saroy 1851 yilgi Buyuk ko‘rgazma uchun Gayd-parkda barpo etilgan, keyin esa Sidenhamga ko‘chirilgan. Ko‘chirishdan oldin me’mor Charlz Berton binodan 305 metr balandlikdagi osmono‘par imoratning dastlabki namunasini yaratishni taklif qilgan. Ehtimol, bu g‘oya jozibali tuyulgan bo‘lishi mumkin, ammo deyarli aniqki, inshoot o‘z og‘irligi ostida qulab tushgan bo‘lar edi.

Alamy Stock Photo / Chronicle / Alamy Stock Photo

Koni-Aylenddagi “Globus” minorasi, Nyu-York, AQSh

1906 yilda me’mor Semyuel Fride 213 metr balandlikdagi sharsimon inshoot loyihasini taqdim etgan. U mehmonxona, kazino va rollerdromni o‘z ichiga olgan dunyodagi eng yirik ko‘ngilochar bog‘ga aylanishi kerak edi. Fride sarmoyadorlardan 1,5 million dollar yig‘ishga uringan va ularga fantastik daromad va’da qilgan. Qator kechikishlardan so‘ng, 1908 yilda bu loyiha firibgarlik ekani ma’lum bo‘lgan.

Jules Guerin / Wikimedia Commons

Byornem rejasi, Chikago, AQSh

1909 yilda me’mor Deniyel Byornem Chikagoni tubdan o‘zgartirish bo‘yicha ulkan rejani taklif etgan: neoklassik binolar, keng xiyobonlar, katta maydonlar va bog‘lar. Shahar “preriyalar Pariji”ga aylanishi mumkin edi. Ayrim g‘oyalar amalga oshirilgan, ammo Buyuk depressiya davrida bu reja qo‘llab-quvvatlovdan mahrum bo‘lgan.

National Archives and Records Administration / Wikimedia Commons

Linkoln memoriali ehromi, Vashington, AQSh

1911 yilda Avraam Linkoln xotirasiga bag‘ishlangan memorial loyihalari tanlovida me’mor Jon Rassel Poup bir nechta jasoratli variantlarni taklif qilgan — zikkurat, mayya uslubidagi ibodatxona va ehrom. Ammo g‘oliblik Genri Bekonning yunon dorik uslubidagi ibodatxona loyihasiga nasib etgan.

Josep Torres Clavé / Wikimedia Commons

Masia rejasi, Barselona, Ispaniya

1930-yillar boshida Le Korbyuze Barselonadagi Eshample tumanini tubdan qayta qurishni taklif qilgan: modern uslubidagi binolarni buzib, ular o‘rniga baland bloklar va yashil hududlar barpo etish rejalashtirilgan edi. Fuqarolar urushi va keyingi Franko diktaturasi bu rejaning amalga oshishini barbod qildi. Shaharning tarixiy markazi uchun bu, ehtimol, yaxshilikka bo‘lgan.

Barratt London / Wikimedia Commons

Manhettendagi aeroport, Nyu-York, AQSh

1946 yilda developer Uilyam Zekendorf Manhettenning 144 kvartalini qoplab turadigan ulkan tom ustida aeroport qurishni taklif qilgan. Uch milliard dollarlik narx va muqarrar tartibsizliklar bu g‘oyani batamom yo‘qqa chiqargan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid