Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qayta jonlangan va bekor qilingan megaloyihalar: yilning eng katta 5 loyihasi
Rekord darajadagi osmono‘par binolar va stadionlardan tortib, muzlatib qo‘yilgan loyihalargacha - quyida yilning eng muhim beshta me’moriy voqeasi keltirilgan.
Foto: Jeddah Now
Avval “Podshohlik minorasi” nomi bilan tanilgan Jeddah Tower osmono‘par binosi dunyodagi eng baland inshoot bo‘lish da’vosini qilmoqda — u osmonga kamida bir kilometr balandlikkacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Dastlab uni 2020 yilgacha yakunlash rejalashtirilgan — ilk bor loyiha 2011 yilda e’lon qilingan edi. Ammo 63 qavat qurib bo‘lingach, korrupsiya ayblovlari fonida qurilish bir necha yilga to‘xtab qoldi.
Yil boshida developer ishlar qayta tiklanganini ma’lum qildi, yangi yakunlash muddati esa 2028 yil deb belgilandi.
Iyul oyida Avstraliyaning Gold Coast ("Oltin sohil") hududida ikki osmono‘par bino qurish rejalari taqdim etildi. Ularning biri qurib bitkazilsa, Avstraliyaning eng baland binosiga aylanishi mumkin.
Ushbu turar joy minorasi 382 metr balandlikkacha ko‘tarilishi rejalashtirilgan. Bu, Melburnda loyihalanayotgan 356 metrlik (UNStudio va Cox Architecs) osmono‘par binoni ham, shuningdek Gold Coast’dagi 323 metrlik Q1 minorasini ham ortda qoldiradi.
Loyiha BKK Architecs me’moriy byurosi tomonidan Cottee Parker ishtirokida ishlab chiqilgan. Ikki minorani 22-qavat darajasidagi egri shaklli shisha ko‘prik bog‘lab turadi.
O‘tgan oyda Australian Financial Review xabar berishicha, majmuadagi kvartiralar 29,7 million AQSh dollarigacha narxda taklif qilinmoqda va allaqachon taxminan 100 ta turar joy birligi sotilgan.
2025 yil sport me’morchiligi uchun ham muhim bo‘ldi, biroq eng yirik e’lon Manchester United futbol klubidan keldi.
Foster + Partners byurosi 100 000 o‘rinli yangi stadionni loyihalamoqda. Unda uchta machta ushlab turadigan ulkan tensimon qoplama ko‘zda tutilgan.
Bu Buyuk Britaniyadagi eng katta stadion bo‘lishiga qaramay, me’morlar ilg‘or modulli va yig‘ma qurilish texnologiyalari tufayli qurilish taxminan besh yil atrofida yakunlanishi mumkin, deb hisoblaydi.
Ganadan iyun oyida boshqa mazmundagi xabarlar keldi: hukumat Adjaye Associates byurosi ishlab chiqqan Akradagi Milliy sobor loyihasidan voz kechish yo‘lida qadamlar qo‘yayotganini ma’lum qildi.
Loyiha Ganada keskin bahslarga sabab bo‘lgan — uning qiymati 400 million dollar ekani, shuningdek Adjaye Associates go‘yoki noqonuniy tarzda jalb qilingani haqida ayblovlar bo‘lgan.
Prezident Jon Dramani Maxama ma’muriyatiga ko‘ra, qurilishdan voz kechish qarori auditdan keyin qabul qilingan: audit “moliyaviy qoidabuzarliklarning butun bir ro‘yxati, xaridlardagi tizimli xatolar va umuman tegishli tartib-qoidalarning yo‘qligi”ni aniqlagan.
Shu bilan birga, Tiranada mutlaqo boshqa ko‘lamdagi inshoot ustida ishlar boshlandi. Niderlandiyaning MVRDV studiyasi noyabr oyida diametri 100 metr bo‘lgan sfera ichiga joylashtirilgan sport arenasi loyihasini taqdim etdi.
Bu obekt — shu yil Albaniya poytaxtida Bofill Taller de Arquitectura va OMA kabi yetakchi xalqaro byurolar e’lon qilgan ko‘plab yirik me’moriy tashabbuslardan faqat biri, xolos.