Jahon | 12:43
1529
4 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Bryanskda harbiy mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonaga zarba berdi

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi “Kremniy El” zavodiga zarba berilganini ma’lum qildi - u Rossiya raketalari uchun boshqaruv tizimlari ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Zarba Britaniyaning Storm Shadow raketalari bilan berilgan. Bryanskda 6 kishi halok bo‘lgani va 37 kishi yaralangani xabar qilindi.

Foto: Videodan kadr

Ukraina bo‘linmalari Bryansk shahrida jumladan harbiy mahsulot ham ishlab chiqaruvchi korxonaga zarba berdi.

“Zavod Rossiya Federatsiyasining barcha turdagi raketalari uchun boshqaruv tizimlarini ishlab chiqarar edi”, — dedi 10 mart, seshanba kuni kechqurun jurnalistlarga Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, muvaffaqiyatli operatsiya haqida unga Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy axborot bergan.

Shu orada Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi zarba Bryanskdagi “Kremniy El” mikroelektronika zavodiga berilganini ma’lum qildi, bunda Britaniyaning havodan uchiriladigan Storm Shadow raketalaridan foydalanilgan.

“Kremniy El” Rossiyaning “aniq zarba beruvchi” qurollari ishlab chiqarish zanjirida juda muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Zavod diskret yarimo‘tkazgich texnikasi va integral mikrosxemalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, ular zamonaviy qurollarning, xususan, “Iskander” raketalarining “miyasi” va “asab tizimi” hisoblanadi”, — deb bildirdi Ukraina Bosh shtabi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, ishlab chiqarish quvvatlariga jiddiy zarar yetgan.

Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz viloyat markaziga berilgan raketa zarbasi oqibatida olti kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi. Yana 37 kishi yaralangan, ularning barchasi Bryansk viloyat shifoxonasiga yetkazilgan, deb yozdi u Telegram’da.

Uning aytishicha, hodisa joyida “oqibatlarni cheklash va fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar” amalga oshirilmoqda. Bu haqda u Rossiya FVVning Bryansk viloyati bo‘yicha boshqarmasi rahbari Dmitriy Yeninga tayanib ma’lum qildi. Bundan oldin Bogomaz “Bryanskning Sovet tumanida yong‘in mahsulotlari tufayli tutunlanish” haqida yozib, aholini ko‘chada kamroq bo‘lishga va binolarda derazalarni yopib qo‘yishga chaqirgan edi. Qaysi korxona hujumdan zarar ko‘rganiga u aniqlik kiritmadi.

Bundan oldin “Kremniy El” zavodiga zarba berilgani haqida Rossiya va Ukraina OAV hamda Telegram-kanallar xabar qilgan edi. Korxona Rossiyada raketa qurilmalari va dronlar uchun mikroelektronika ishlab chiqaruvchi asosiy korxonalardan biri hisoblanadi. Astra va Exilenova+ Telegram-kanallari zavod turli qurol tizimlari va harbiy texnikada qo‘llanadigan elektron komponentlar ishlab chiqarishini, xususan, “Pansir” zenit-raketa majmuasi, “Iskander”, “Topol-M”, “Bulava”, S-300 va S-400 zenit-raketa majmualarida ishlatiladigan qismlar shu yerda tayyorlanishini bildirmoqda.

Pabliklar shuningdek, Bryanskda raketa xavfi e’lon qilinganidan keyin taxminan 10 ta portlash sodir bo‘lganini, zavod hududi uzra ulkan tutun buluti ko‘tarilganini yozmoqda.

The Moscow Times nashrining e’tibor qaratishicha, 2019 yilda Bryansk viloyati hukumati 1958 yilda tashkil etilgan ushbu korxona mikroelektronika texnikasining 1200 dan ortiq turdagi mahsulotini ishlab chiqarishini, uning mahsulotlarining 90 foizdan ortig‘i esa “mudofaa-sanoat majmuasida qo‘llanishi va strategik maqsaddagi raketa majmualari tarkibiy qismi” ekanini ma’lum qilgan edi.

“Kremniy El” zavodi Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan buyon bir necha bor hujumga uchragan, jumladan 2025 yil yanvar va aprel oylarida ham.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid