Jahon | 15:44 / 11.03.2026
2335
4 daqiqa o‘qiladi

YeI Rossiya neftiga qarshi sanksiyalarni yumshatishni rad etdi

Yevropaliklar Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiyaga nisbatan maksimal bosimni davom ettirishi kerak, dedi YeIning iqtisodiyot bo‘yicha komissari Trampning so‘zlariga javoban. Xuddi shunday pozitsiyani Germaniya kansleri ham bildirdi.

Foto: AP

Erondagi urush fonida energiya tashuvchilar narxi sezilarli darajada oshganiga qaramay, Yevropa Ittifoqi Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni ehtimoliy yumshatishga qarshi chiqdi.

“Biz Rossiyaga maksimal bosim o‘tkazishni davom ettirishimiz kerak”, — dedi 10 mart, seshanba kuni Bryusselda YeIning iqtisodiyot bo‘yicha komissari Valdis Dombrovskis.

Uning so‘zlariga ko‘ra, neft sanksiyalarining bir qismini bekor qilish “aks samara beradi” va “Rossiyaning harbiy salohiyatini mustahkamlaydi”.

“Rossiya neftiga nisbatan narx chegaralarini eng qat’iy tarzda qo‘llab-quvvatlash juda muhim”, — dedi yevrokomissar.

Shu tariqa Dombrovskis AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatidan keyin aytgan bayonotiga izoh berdi. Tramp Rossiyadan neft eksportiga nisbatan avval joriy etilgan ayrim cheklov choralarini vaqtincha to‘xtatish rejalari haqida aytgan edi. AQSh oktyabr oyida Rossiyaning “Rosneft” va “Lukoyl” neft gigantlariga qarshi sanksiyalar joriy qilgan.

Jahon neft narxlari oshishi sabab muhokama qilinayotgan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni har qanday yumshatishni Germaniya kansleri Fridrix Mers ham rad etdi.

“Men Amerika prezidentining bu urush tezroq yakunlanishi haqidagi umidini qo‘llab-quvvatlayman, — dedi u. — Va agar u tez yakunlansa, biz neft va energetika bozorlaridagi vaziyatning nisbatan tez normallashishini ham ko‘ramiz”.

Mersning ta’kidlashicha, agar sanksiyalar va birdamlik o‘rtasida tanlov qilishga to‘g‘ri kelsa, Germaniyaning pozitsiyasi aniq: u Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi va zarur bo‘lsa, energiya tashuvchilar narxi yuqori bo‘lgan davrga ham bardosh berishga tayyor.

Bloomberg qayd etishicha, AQSh G7 bo‘yicha hamkorlariga Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni energiya tashuvchilar narxining keskin oshishiga javob sifatida yumshatish vaqtinchalik bo‘lishini ma’lum qilgan. Yevrokomissar Dombrovskisning so‘zlariga ko‘ra, Amerika ma’muriyatining bu qarori “ham vaqt jihatidan, ham choralar ko‘lami jihatidan ancha cheklangan”. Uning aytishicha, Vashingtonda bu qaror Rossiyaning neftdan oladigan daromadlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini kutmayapti.

Shu bilan birga, AQSh Ukrainaga qarshi davom etayotgan urush munosabati bilan Rossiyaga iqtisodiy bosimni saqlab qolish borasida Yevropaning intilishlarini “umuman olganda bo‘lishadi”, deb qo‘shimcha qildi u. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, AQSh hukumati yevropaliklarga Rossiyaning neft sektoriga qarshi sanksiyalarni yumshatish asosan Hindistonga yetkazib berishlarga taalluqli bo‘lishini aytgan.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi tufayli jahon neft narxlari keskin ko‘tarildi. Tehron hokimiyati harbiy harakatlar fonida jahon neft savdosining taxminan 20 foizi amalga oshiriladigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini yopib qo‘ydi. Shundan keyin Tramp Hindistonga Rossiya neftini sotib olish uchun vaqtinchalik ruxsat berdi.

Shu orada, Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Hindistonning eng yirik banki — State Bank of India (SBI) Tramp qarori qancha davom etishi noma’lumligi va ehtimoliy xavflar sababli Rossiya nefti uchun to‘lovlarni amalga oshirishdan bosh tortmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid