Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Quvvatlash stansiyalarini o‘chirish – hozircha majburiy chora – hokimiyat
Toshkentda elektromobillarning quvvat stansiyalari faoliyati bo‘yicha taftish doirasida ko‘plab “zapravka”lar elektr tokidan uzib qo‘yilgandi. Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev buni “hamma uchun mag‘lubiyatli holat” deb atadi. Uning aytishicha, ayni muammoni hal qilish uchun hozirda reglament yangilanmoqda.
Yaqinda Toshkent shahridagi elektromobillarni tezkor quvvatlash stansiyalari subiste’molchi bo‘lib transformatorga ulangani, ortiqcha yuklama tarmoqlarda yuklama keltirib chiqarishi vaji bilan elektr tokidan uzib tashlandi.
Jarayon boshlanganining dastlabki 2 kunida 100 dan ortiq stansiyalarda shunday holat yuzaga kelgan. Buning ortidan tadbirkorlar e’tirozlar bilan chiqishgandi. Kun.uz ayni masalani avvalroq sharhlagan.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Abdurahmon Baxtiyev OAV vakillari bilan o‘tgan anjumanda vaziyatga izoh berdi. Uning aytishicha, “bu – hamma uchun mag‘lubiyatli holat”. U shahar hokimiyati nega bu qarorga kelganini tushuntirishga urindi.
“Reglament va shahar yeri bor. Bu shahar yeriga elektr zaryadlash shoxobchasini o‘rnatish uchun onlayn auksionda qatnashib, shu yerni sotib olish kerak. Ko‘pincha o‘chirilgan elektr zaryadlash shoxobchalari davlat, shahar yerida joylashgan va buning uchun pul to‘lanmaydi. Ular auksionda sotib olinmagan. Shuning uchun biz ularni o‘chirishga majburmiz.
Bu yerda tadbirkorlar qanday mexanizmni qo‘llashadi? Yonida joylashgan do‘kon bilan kelishib, ularning kadastr raqamini oladi va ruxsat beruvchi organlarga hujjat topshirishadi. Shu kadastr asosida ruxsatnoma olinadi. Shu tariqa, ma’lumotlar biroz buzilishi yuzaga keladi, bu esa shahar budjeti o‘z pullarini ololmay qolishiga olib keladi.
Bizning o‘chirayotganimiz, albatta, hozircha biz uchun majburiy chora, chunki o‘zingiz bilasiz, qishki mavsum ham, yozgi mavsum ham tuman elektr tarmoqlari, shu jumladan, shahar elektr tarmoqlari uchun og‘riqli masala”, – deydi u.
Ta’kidlanishicha, muammoni hal qilish uchun rasmiylar tadbirkorlar bilan uchrashib, ishchi tartibda mavzuni muhokama qilish boshlangan. Quvvat stansiyalarining faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjati yangilanayotgani bildirildi.
“Biz reglament ustida, elektr zaryadlash stansiyalarini taqdim etish, elektr zaryadlash stansiyalari uchun yer uchastkalaridan foydalanish huquqini berish reglamentini yangilash ustida ishlayapmiz. Tan olish kerak, u yerda biroz byurokratiya, yaxshilanishi kerak bo‘lgan jihatlar bor. Xalqaro tajribani o‘rganyapmiz. Shuningdek, masalan, Jahon banki bilan aloqa o‘rnatdik. Ularning bu sohadagi ruxsat berish tartib-taomillarini takomillashtirish bilan bog‘liq loyihasi bor. Asosan, bu masala bo‘yicha ish olib borilmoqda”, – dedi u.
Eslatib o‘tamiz, ayni holatda vakolatli organlarning asossiz xatti-harakatlari aniqlangan taqdirda, Biznes ombudsman aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rishga va’da bergan.
Mavzuga oid
11:37
O‘zbekiston avtomobil bozori: elektromobillarga talab oshib boryapti
07:49 / 09.03.2026
Infografika: Xitoy elektromobillarini eng ko‘p kim sotib olyapti?
14:12 / 07.03.2026
Toshkentda yuzdan ortiq quvvat-stansiya tarmoqdan uzildi. Muammo nimada?
09:05 / 22.02.2026