Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Superliga. «Neftchi»ni to‘xtatib bo‘lmayapti va Mirjalol Qosimovdan hayotiy o‘git
O‘zbekiston Superligasida 3-tur o‘yinlari o‘tkazildi. «Neftchi» yirik hisobdagi g‘alabalar seriyasini davom ettirdi. «Navbahor» bu asrda birinchi marta Toshkentda «Paxtakor»ni yengdi. «Dinamo» Samarqandda «Nasaf»ga qarshi o‘yinlarda 18 yildan beri davom etayotgan noxush an’anani buzolmadi. Mirjalol Qosimov OKMK klubining muvaffaqiyatsiz startini internetda darhol mashhur bo‘lib ketgan falsafiy jumlalar bilan izohladi.
Foto: Neftchi PFK
10-12 mart kunlari futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasida 3-tur o‘yinlari o‘tkazildi.
NeFTChI 3:0 ANDIJON
Gollar: Alisher Odilov, 42 (1:0), Jamshid Iskandarov, 50 (2:0), Anvarjon G‘ofurov, 56 (3:0)
Amaldagi chempion «Neftchi» g‘alabali qadamini davom ettirdi va bu safar «Andijon»ni yirik hisobda yengdi. Bosh murabbiy Islombek Ismoilov shogirdlari chempionat startida har bir o‘yinni 3:0 hisobida yakunlamoqda.
Samvel Babayan qo‘l ostidagi «Andijon» dastlabki g‘alabadan so‘ng, qatorasiga ikki marta yutqazdi. Bundan tashqari, Babayan murabbiy sifatida ilk marotaba «Neftchi»ga yutqazdi. Andijonliklar ustozi o‘yindan keyin hafsalasi pir bo‘lganini yashirmadi. «Bu mag‘lubiyat men uchun yanada alamli, chunki «Neftchi» tarkibida tarix yozayotgan ko‘plab futbolchilarni o‘zim tarbiyalaganman», dedi u.
PAXTAKOR 0:2 NAVBAHOR
Gollar: Katulondi Kati, 47 (0:1), Ruslanbek Jiyanov, 65 pen (0:2)
Toshkentdagi qorli maydonda «Paxtakor» va «Navbahor» to‘qnash keldi. Keskin kurashlarga boy o‘yin taqdirini ikkinchi bo‘limdagi gollar hal qildi va namanganliklar g‘alabani ilib ketdi. «Paxtakor» chempionat startidagi ikkita g‘alabadan keyin mag‘lubiyat alamini tatib ko‘rdi.
«Navbahor» bu asrda ilk marotaba «Paxtakor»ni Toshkentda yengdi. Namanganliklar bosh murabbiyi Temur Kapadze «Paxtakor»ni mag‘lub etish yoqimli ekanini ta’kidladi. «O‘yin bo‘yicha raqibdan kuchli edik, «Paxtakor»ga qarshi bahs – har bir klub uchun motivatsiya» deb qo‘shimcha qildi u.
«Paxtakor» ustozi Kamoliddin Tojiyev mag‘lubiyatdan hayron ekanini aytdi. «Yigitlarni tanimay qoldim. To‘g‘risini aytsam, nima yuz berganini tushunmadim», dedi u.
MASh’AL 0:2 QIZILQUM
Gollar: Jambuli Jigauri, 39 (0:1), Shohruz Norxonov, 90+1 (0:2)
«Mash’al» chempionatning autsayderiga aylandi. «Qizilqum»ga yutqazgan muborakliklar 3 ta mag‘lubiyat bilan jadval tubiga o‘rnashdi. Bundan tashqari, hali biror marta raqib darvozasini ishg‘ol etolmadi. «Qizilqum» esa ilk o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin qatorasiga ikki marta g‘alaba qozondi.
«Mash’al» bosh murabbiyi Igor Surov betobligi tufayli bu o‘yinda ishtirok etmadi. Uning o‘rnini egallagan Otabek Narzullayev jamoaning muvaffaqiyatsiz startini tayyorgarlik yaxshi bo‘lmagani bilan izohladi. «Qishki yig‘inni o‘zimizda o‘tkazdik, Turkiyaga bormadik, nazorat o‘yinlarini esa asosan Pro-Liga klublariga qarshi o‘tkazdik. Menimcha, bu ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi», dedi u.
BUXORO 1:1 XORAZM
Gollar: Vladimir Rodich, 36 (1:0), Azizjon Ahrorov, 49 (1:1)
Chempionatni kutilmagan ikkita g‘alaba bilan dadil boshlagan «Buxoro» bu turda qoqildi. Bosh murabbiy Aleksandr Xomyakov shogirdlari hisobni ochgan bo‘lsa-da, ikkinchi taym boshida gol o‘tkazib yubordi. Qolgan daqiqalarda «Xorazm» ishonchli harakat qilib, durangni ushlab qolishga erishdi.
LOKOMOTIV 0:0 QO‘QON-1912
Pro-Ligadan qaytgan «Lokomotiv» qatorasiga ikkita mag‘lubiyatdan so‘ng, kutilmaganda «Qo‘qon-1912» qarshiligini sindirolmadi. Temiryo‘lchilar 9 yildan buyon o‘z maydonida bunga erisholmayapti. Qo‘qonliklar ilk ochkosini qo‘lga kiritdi, ammo hamon jadval tubida bormoqda.
SURXON 0:0 BUNYoDKOR
Termizda o‘tgan bahsda har ikki jamoada yaxshi vaziyatlar bo‘ldi, ammo hisob ochilmadi. «Surxon» ilk ochkosini qo‘lga kiritdi.
«Bunyodkor» bosh murabbiyi Ilyos Zeytullayev moliyaviy qiyinchiliklarga shama qildi. «So‘nggi yangiliklardan keyin futbolchilarni ruhlantirish qiyin, biroq shunga qaramay, ular maydonga tushib, bor kuchini o‘yinga bag‘ishlamoqda. Futbolchilar to‘rt oydan beri maosh olmayapti, biz oilamizni boqishimiz kerak, deb murojaat qilmoqda. O‘ylaymanki, «Bunyodkor»dagi vaziyatga e’tibor qaratishadi», dedi u.
DINAMO 1:1 NASAF
Gollar: Anvarjon Hojimirzayev, 44 (1:0), Sharof Muhiddinov, 90+2 (1:1)
Samarqandda turning markaziy o‘yini bo‘lib o‘tdi. «Dinamo» birinchi bo‘lim oxirida hisobni ochdi, ammo g‘alabani ushlab qololmadi. So‘nggi daqiqalardagi gol «Nasaf»ni mag‘lubiyatdan asrab qoldi. «Dinamo» 18 yildan buyon o‘z maydonida «Nasaf»ni mag‘lub etolmayapti.
O‘yindan keyin «Dinamo» bosh murabbiyi Vadim Abramov futbolchilar 4 oydan beri maosh olmayotganini aytdi. «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ham moliyaviy qiyinchiliklar borligini tan oldi, ammo Qashqadaryoning imkoniyatlari juda kengligi, viloyat rahbari futbolga umuman befarq emasligi, shu bois bu borada ko‘ngli to‘qligini ta’kidladi.
OKMK 2:2 SO‘G‘DIYoNA
Gollar: Lyupcho Doriyev, 45 (0:1), Siavash Haqnazariy, 54 (1:1), Abror Karimov, 74 (2:1), Otabek Jo‘raqo‘ziyev, 90+1 (2:2)
Kutilmaganda chempionatni ikki mag‘lubiyat bilan boshlagan va jadval tubiga tushib qolgan jamoalarning o‘yini qiziqarli kechdi. OKMK g‘alabaga yaqinroq edi, ammo o‘yin oxirida gol o‘tkazib yubordi va 3 ochkoni qo‘ldan chiqardi.
OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov chempionat startidagi qiyinchiliklarga falsafiy yondashishini ma’lum qildi. «Biz ham qayerdadir xato qilgandirmiz, beayb - Parvardigor. Hammasiga sabr qilish kerak. Mashinada ketayotib, oldindagi «Damas» oynasidagi yozuvga ko‘shim tushib qoldi, lotinchada yozilgan ekan: «Bir gap bo‘lar, qaysi biriga siqilay». Xullas, shunaqa gaplar», dedi u.
3-tur o‘yinlaridan keyin Superliga jadvali

Superliga to‘purarlari

Futbol, Superliga
Mavzuga oid
12:26 / 07.03.2026
Superliga. «Neftchi»ning zo‘r starti va jadval tubiga tushgan «So‘g‘diyona»
23:12 / 27.02.2026
Mundial yilidagi mavsum: kim favorit?
20:37 / 27.02.2026
Superligadagi legionerlarning 95 foizi mahalliy futbolchilardan kam maosh oladi – Diyor Imomxo‘jayev
23:19 / 11.02.2026