Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
XJS Lukashenko tanqidchilarining Belarusdan chiqarib yuborilishini tergov qilmoqda
Xalqaro jinoiy sud 2020 yilgi prezident saylovlaridan keyin Belarus hokimiyati tomonidan insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gumonlar yuzasidan rasmiy tergov o‘tkazish zarur, degan xulosaga keldi.
Foto: Nicolas Economou/NurPhoto/IMAGO
Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokuraturasi Belarusga nisbatan ushbu mamlakat rahbari Aleksandr Lukashenko va uning rejimi tanqidchilarini deportatsiya qilishda gumon qilinib, rasmiy tergov boshladi. XJS 12 mart, payshanba kuni bildirishicha, batafsil dastlabki tekshiruvdan so‘ng Minsk hokimiyati insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgan bo‘lishi mumkinligi haqida asosli gumonlar mavjud.
2020 yildan buyon siyosiy muxoliflarni mamlakatdan kuch bilan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilgan hukumatning yuqori lavozimli a’zolari gumon ostiga tushdi. Hujjatda qayd etilishicha, “ayblov tomoni taxmin qilinayotgan jinoyatlar hokimiyatning eng yuqori pog‘onalari tomonidan rag‘batlantirilgan yoki ma’qullangan, degan xulosaga keldi”. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, belarus rejimi tanqidchilari Litvaga chiqarib yuborilgan.
Tergov 2024 yil 30 sentabrdan Litvaning so‘roviga binoan olib borilgan. Belarusdan farqli o‘laroq, Litva XJS a’zosi hisoblanadi. Agar taxmin qilinayotgan qonunbuzarliklar kamida bitta ishtirokchi davlatga daxl qilsa yoki bu masala BMT Xavfsizlik kengashi qaroriga oid bo‘lsa, Xalqaro jinoiy sud tergov o‘tkazish huquqiga ega.
XJS prokuraturasi taxmin qilinayotgan jinoyatlar transchegaraviy xususiyatga ega bo‘lganini va qisman Litva hududida sodir etilganini aniqladi, shu sababli ular Haagadagi sud yurisdiksiyasiga kiradi. Tergov yakunlariga ko‘ra, yetarli asosli gumonlar mavjud bo‘lsa, hibsga olish orderlari berilishi mumkin.
2020 yil avgust oyidagi prezident saylovlaridan so‘ng Belarusda ularning natijalari soxtalashtirilganiga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar boshlandi. Aleksandr Lukashenko o‘zini saylov g‘olibi deb e’lon qildi, saylovoldi kampaniyasining boshqa ishtirokchilari esa ozodlikdan mahrum etildi yoki mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. O‘n minglab odamlar qo‘lga olindi, minglab kishilar hukm qilinib, hozir ham qamoqda saqlanmoqda. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 mingdan 600 ming nafargacha odam Belarusni majburan tark etgan.
Mavzuga oid
17:51 / 09.03.2026
Lukashenko Belarus o‘zbekistonlik migrantlardan mamnun ekanini aytdi
09:21 / 07.03.2026
Litva Yevropadagi posilkalar portlashi ishi bo‘yicha besh kishini aybladi
14:52 / 28.02.2026
Nemsovning o‘ldirilganiga 11 yil: YeI jinoyat haqida eslatdi
13:03 / 05.02.2026