Jahon | 14:24
1051
3 daqiqa o‘qiladi

YeI “Drujba” neft quvuri atrofidagi vaziyatni tekshirmoqchi

Yevrokomissiya shikastlangan “Drujba” neft quvuri atrofidagi vaziyat bo‘yicha o‘z tekshiruvini o‘tkazish imkoniyati yuzasidan Ukraina bilan muzokaralar olib bormoqda. Bryusselda aytilishicha, Kiyevdan hozircha javob kelmagan.

Foto: AP

Budapesht va Kiyev o‘rtasida shikastlangan “Drujba” neft quvuri atrofida yuzaga kelgan mojaroda Yevropa komissiyasi shikastlanish darajasini o‘rganish uchun Ukrainaga o‘z ekspertlari guruhini yuborishni taklif qildi. Bu masala bo‘yicha hozirda Ukraina, shuningdek Vengriya va Slovakiya bilan “jadal muzokaralar” olib borilmoqda, dedi 12 mart, payshanba kuni Yevropa Ittifoqi komissiyasi vakili. Uning qo‘shimcha qilishicha, Bryussel Ukraina hukumatidan Yevroittifoq tomonidan inspeksiya o‘tkazish imkoniyati yuzasidan javob kutmoqda, ammo hozircha bunday javob olinmagan.

So‘nggi kunlarda Vengriya va Ukraina o‘rtasida “Drujba” orqali neft yetkazib berish to‘xtab qolgani sababli yuzaga kelgan ziddiyat neft quvurini tekshirish uchun venger delegatsiyasining tashrifi tufayli yanada keskinlashdi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 11 mart kuni bunday safar haqida hech narsa bilmasligini aytdi. Bunga javoban Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Zelenskiyni yolg‘onda va Vengriyaga qarshi neft blokadasini uyushtirishda aybladi. Siyyarto neftning dengiz orqali tashilishi sohasidagi “misli ko‘rilmagan noaniqlik”ka ishora qildi va bu usul uning mamlakati uchun “Drujba” neft quvuriga “yagona muqobil” ekanini ta’kidladi.

Budapeshtdan yangragan ayblovlarga javoban Zelenskiy maslahatchisi Dmitriy Litvin shunday dedi: “Balkim, ular u yerda ikki tomonlama munosabatlar nimaligini unutib qo‘yishgandir, ammo rasmiy tashriflar — bu kelishuv bilan amalga oshiriladi, ‘nota tashlab ketish’ bilan emas”.

Bahs zamirida Budapeshtning Rossiya zarbalari oqibatida shikastlangan “Drujba” neft quvurini imkon qadar tezroq ta’mirlash talabi yotibdi. Ushbu quvur Rossiya prezidenti Vladimir Putin to‘rt yil avval boshlagan urushga qaramay, Ukraina hududi orqali Vengriyaga Rossiya neftini yetkazib berishda davom etgan.

Ukraina hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, quvur shu qadar jiddiy shikastlanganki, uning ishi kamida olti haftadan keyin, ya’ni Vengriyadagi parlament saylovlaridan keyingina tiklanishi mumkin. So‘rovnomalarga ko‘ra, ushbu saylovlarda rossiyaparast bosh vazir Viktor Orban mag‘lubiyatga uchrashi mumkin. Budapesht esa quvurni mustaqil ravishda tekshirishni talab qilmoqda. Orban saylovoldi kampaniyasida antiukraina ritorikasidan faol foydalanib, muxolifat nomzodi Peter Madyardan orqada qolishini qisqartirishga intilmoqda.

Bundan tashqari, Vengriya bosh vaziri “Drujba” atrofidagi mojaroni Ukraina uchun shoshilinch zarur bo‘lgan Yevropa Ittifoqining 90 milliard yevrolik krediti va Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi navbatdagi sanksiyalar paketini bloklash uchun ham ishlatmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid