Jahon | 15:49
1844
4 daqiqa o‘qiladi

FT: YeIda Eron bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish masalasi muhokama qilinmoqda

Fransiya va Italiyani ham o‘z ichiga olgan qator Yevropa mamlakatlari o‘z kemalarining Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishi kafolatlari bo‘yicha Eron bilan muzokaralarni boshladi, deb yozadi Financial Times gazetasi. Rim bu jarayonda ishtirok etayotganini inkor etmoqda, Parij esa izoh bermayapti.

Foto: NASA Earth Observatory/AFP

Bir necha Yevropa mamlakati Tehron bilan o‘z kemalarining Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xavfsiz o‘tishini kafolatlaydigan kelishuv tuzish yuzasidan dastlabki muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda 13 mart, juma kuni, muhokamalar borishidan xabardor manbalarga tayanib Britaniyaning Financial Times (FT) gazetasi xabar qildi. Muhokamalarning maqsadi — Fors ko‘rfazidan energiya tashuvchilar yetkazib berishni qayta tiklash.

Nomi ochiqlanmagan ikki amaldorning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda Fransiya ishtirok etmoqda. Ulardan biri Italiya ham bu masalada Tehron bilan muhokama boshlashga uringanini aytgan. Shu bilan birga, har ikki suhbatdosh ham muzokaralar olg‘a siljishiga yoki Eron umuman bu mavzuda gaplashishga tayyorligiga hech qanday kafolat yo‘qligini ta’kidlagan.

Italiya hukumati shu kuniyoq Eron bilan boshlangan muzokaralar haqidagi ma’lumotni rad etdi. Italiya bosh vaziri Jorja Meloni idorasiga yaqin dpa agentligi manbalarining bildirishicha, Italiya kemalarining Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishini ta’minlash masalasida Eron bilan hech qanday “ikki tomonlama muzokaralar yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar” bo‘lmagan.

Italiya Tashqi ishlar vazirligidagi manbalar esa diplomatik muloqotlar davomida “umumiy harbiy deeskalatsiya uchun sharoit yaratish” maqsad qilinganini, ammo ayrim savdo kemalarini boshqalari hisobiga saqlab qolishga qaratilgan hech qanday yopiq muzokaralar olib borilmayotganini aytgan.

Yelisey saroyi dpa'ning izoh so‘roviga javob bermagan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa bundan avval, agar mojaro pasaysa, Parij kemalarga hamrohlik qilishda ishtirok etishga tayyor ekanini bildirgan edi.

Yevropa hukumatlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozining uzoq muddat to‘sib qo‘yilishi sababli yetkazib berishdagi uzilishlar korxonalar va xonadonlar uchun energiya tashuvchilar narxining yanada oshib ketishiga olib kelishi, qit’aning iqtisodiy muammolarini yanada og‘irlashtirishi va milliy budjetlarga tushadigan yukni kuchaytirishi mumkinligidan xavotirda, deb yozadi FT.

Bundan avval Italiya, Fransiya va Gretsiya Yevropa Ittifoqining Aspides harbiy-dengiz missiyasi doirasida o‘z harbiy kemalarini Qizil dengizda joylashtirgan edi. Ammo nashr manbalariga ko‘ra, hozircha biron-bir Yevropa floti mojaro keskinlashib ketishidan qo‘rqqani uchun kemalarni bo‘g‘oz orqali kuzatib o‘tishga tayyor emas.

Amaldorlardan birining aytishicha, qator Yevropa davlatlari Eron bilan muloqot yo‘lga qo‘yishga bo‘lgan urinishlarga qarshi chiqqan. Gap aynan qaysi davlatlar haqida ketayotganiga u aniqlik kiritmagan. Suhbatdosh shunday degan: “Ayrimlar biz eronliklar bilan gaplashishimiz kerak, deb hisoblaydi. Ammo [YeI davlatlari] bu masalada mutlaqo turlicha qarashlarga ega, bu esa vaziyatni murakkablashtirmoqda”.

Britaniya amaldorlarining so‘zlariga ko‘ra, Buyuk Britaniya Eron bilan bo‘g‘ozdan foydalanish masalasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib bormayapti. Biroq tashqi ishlar rahbari Ivett Kuper neft yetkazib berish uzluksizligini ta’minlash masalalarini Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan muhokama qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid