Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh va Eron o‘rtasidagi “ko‘prik” - Asim Munir qay tarzda asosiy vositachiga aylandi?
Joriy yil 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga raketa zarbalari bera boshladi. Forslar ham qarab turmadi, Isroil hamda Arab ko‘rfazi atrofida joylashgan davlatlarga javob zarbalari yo‘lladi. Vaziyat tahlikali bo‘lib turgan paytda Pokiston Mudofaa kuchlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir katta sahnaga chiqdi va uning sa’y-harakatlari bilan tomonlar sulhga ko‘ndi.
Dunyo siyosatida qandaydir kelishmovchilik yoki qurolli mojarolar ro‘y berganda o‘rtaga vositachilar tushadi va tomonlarni yarashtirishga, jillaqursa sulhga ko‘ndirishga urinib ko‘radi.
Odatda bunday vositachilar har ikki tomon bilan aloqalari yaxshi bo‘lgan va ta’sir kuchiga ega insonlar orasidan chiqadi.
Uzoqqa bormaylik, 2022 yil 24 fevralda Rossiya Ukrainga hujum qilib, ikki davlat o‘rtasida urush boshlanganda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an tomonlarga vositachilik qilishga urindi.
Chunki Turkiya har doim Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham do‘stona munosabatda bo‘lgan.
Bundan qariyb ikki oy avval AQSh hamda Isroil Eronga raketada zarbalar bera boshlaganda va forslar bunga javob qaytarishga o‘tganda avvaliga tomonlarni sulhga undaydigan vositachi chiqmadi.
So‘ng jahon OAVlarida Pokiston Mudofaa kuchlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir tomonlar o‘rtasida vositachilik qilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Xo‘sh, Asim Munir kim va u qay tarzda Pokiston Mudofaa kuchlari qo‘mondoni bo‘ldi? Qanday qilib AQSh va Eron o‘rtasida asosiy vositachiga aylandi? Qo‘yida shu savollarga javob topib ko‘ramiz.
Harbiylikka qiziqqan o‘qituvchi-imomning farzandi
Asim Munir 1968 yilda Pokistonning Panjob viloyatidagi Ravalpindi shahrida, maktab o‘qituvchisi va shu bilan birga mahalla masjidi imomi bo‘lgan Munir Ahmad xonadonida tug‘iladi.
Asimning ota-onasi asli Sharqiy Panjobdan bo‘lib, 1947 yilda Hindiston ikkiga bo‘linganda Pokiston Panjobiga ko‘chib o‘tadi.
Yoshligida ko‘plab pokistonlik o‘smirlar qatori madrasada ta’lim olgan Asim keyinchalik harbiy sohaga qiziqadi va shu yo‘nalishda ta’lim oladi.
1986 yilda 18 yoshli Asim Munir zobitlar maktabini tugatadi va bitiruvchilar orasidagi eng yaxshi kursant deb topiladi.
U Yaponiya Mudofaa kuchlarining Sidzioka perfekturasida joylashgan harbiy lagerida tahsil oladi. So‘ng Pokistonning Kvetta shahridagi qo‘mondonlik shtabi kollejida, Malayziya qurolli kuchlari kollejida, Islomoboddagi Mudofaa milliy universitetlarida o‘qiydi.
Asim harbiy xizmatni Kashmirning Pokistonga qarashli hududidagi chegara polkida boshlaydi. O‘sha paytlarda u bir muddat Saudiyada xizmat qiladi va u yerda Qur’onni to‘liq yodlab, qori darajasiga erishadi.
So‘ng u Pokiston shimolidagi qo‘shinlar tarkibidagi piyodalar brigadasi qo‘mondoni bo‘ladi. Xizmat jarayonida bir necha yil davomida Asimning harbiy unvoni va lavozimi oshib boraveradi.

Harbiy razvedka boshlig‘i va quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni
2014 yilda 46 yoshli Asim Munir Shimoliy hududlar qo‘shinlari qo‘mondoni, 2016 yil dekabrda Pokiston harbiy razvedkasi bosh direktori etib tayinlanadi. 2018 yilda general-leytenant Asim Munir Pokiston tashqi razvedka milliy agentligi bosh direktoriga aylanadi.
Bu tashkilot butun dunyo bo‘ylab kontrrazvedka, josuslik tarmoqlari va maxfiy amaliyotlar o‘tkazish bo‘yicha mas’ul hisoblanadi.
O‘shanda Asim Munir agentlikni bor-yo‘g‘i sakkiz oy boshqaradi. Uni boshqa ishga o‘tkazishadi. Asim Munir Pokiston armiyasining 3-dala korpusi qo‘mondoni etib tayinlanadi.
Ma’lumot uchun Pokiston armiyasida o‘nta dala korpusi bo‘lib, ularning har birida o‘rtacha 50 mingdan harbiy xizmatchi bor.
2021 yilda Asim Munir Pokiston qurolli kuchlari bosh shtabiga o‘tkaziladi va 2022 yil noyabrgacha armiya general-kvartirmeyster lavozimida ishlaydi.
2022 yil noyabrda Asim Munir to‘rtinchi general yulduzchasini oladi. Shundan so‘ng u Pokiston qurolli kuchlarining quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni etib tayinlanadi.
O‘shanda bu lavozimga olti kishi nomzod bo‘ladi. Ular orasidan Asim Munir tanlanadi. 2024 yil noyabr oyida Asimning vakolati uch yildan besh yilga uzaytiriladi. U endi 2027 yil noyabrgacha Pokiston armiyasi quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni lavozimida qolishi mumkin bo‘ladi.

Pokiston Mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni
2025 yil 6 maydan 7 mayga o‘tar kechasi Hindiston Pokistonga raketa zarbalari berdi va “Sindur” operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Shundan so‘ng Pokiston ham Hindistonga javob zarbalari yo‘llay boshladi.
O‘sha kezda Pokiston axborot vaziri Atoulloh Tarar Hindistonning beshta qiruvchi samolyoti va bitta droni urib tushirilganini aytib chiqdi. Hindiston tomoni buni tasdiqlamadi.
10 may kuni Pokiston Hindistonga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. O‘sha kuni kechga borib tomonlar Tramp vositachiligida sulhga erishilganini ma’lum qildi.
Ayrim OAVlar bu mojaroda asosan Xitoy va AQSh harbiy samolyotlari bilan qurollangan Pokiston harbiy-havo kuchlari havo janglarida hindlardan ustunlik qilgani haqida yozib chiqdi.
Sulhga erishilganidan so‘ng har ikki tomon g‘alaba qozonganini va dushmanga jiddiy talafotlar yetkazganini aytib chiqdi. Ana shunda Asim Munirga hindlar ustidan qozonilgan g‘alaba uchun feldmarshal unvoni berildi.
2025 yil 4 dekabr kuni Asim Munir Pokiston Mudofaa kuchlari bosh qo‘mondoni lavozimiga tayinlandi. Shundan so‘ng Pokistondagi barcha qo‘shinlar, jumladan, harbiy-dengiz hamda harbiy-havo kuchlari ham uning boshqaruviga o‘tdi.

Nufuzli vositachi
Bugun Asim Munir tajribali harbiy qo‘mondon bilan birga ta’sir kuchiga ega mohir vositachi sifatida tilga olinmoqda. Bunga asoslar yetarli.
Jumladan, u AQSh va Eron o‘rtasida vositachilik qildi va sulh tuzilishiga katta hissa qo‘shdi. Voqealar rivoji quyidagicha kechdi.
2026 yil 28 fevral kuni AQSh va Isroil Eronga raketa zarbalari bera boshladi. Forslar ham qarab turmadi – Arab ko‘rfazi davlatlaridagi AQSh harbiy bazalarini, boshqa muhim obektlarni nishonga oldi.
Bu harbiy mojaro boshlanganidan ko‘p o‘tmay tomonlar sulhga erishish bo‘yicha o‘z shartlarini ilgari sura boshladi. O‘shanda AQSh va Eron bir biri uchun bajarib bo‘lmas shartlar qo‘ygandi.
Vaziyat keskin bo‘lib turganda bir nechta davlat o‘rtada vositachilik qilishi mumkinligini bildirdi. Biroq bu borada Pokiston tomoni ilg‘or chiqib qoldi. Jumladan, mart oyining ikkinchi yarmiga kelib Pokiston AQSh va Eron muzokaralarini o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.
24 mart kuni Reuters Donald Tramp Pokiston Mudofaa kuchlari qo‘mondoni Asim Munir bilan qo‘ng‘iroqlashganini yozib chiqdi. Shunda uning AQSh va Eron o‘rtasida vositachilik qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Ungacha Pokiston tomondan asosiy vositachi rolida kim bo‘lishi faqat taxmin qilinayotgandi.
Tramp Asim Munir bilan qo‘ng‘iroqlashgan kezlarda Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bilan qo‘ng‘iroqlashib, urushning mintaqaviy va global xavfsizlikka ta’sirini muhokama qilgandi.

O‘sha paytda Eron Pokiston vositachiligida AQSh bilan muzokaralar olib borilayotganini rad etayotgandi. Balki bu axborot jangining bir qismi ham bo‘lishi mumkin. Keyinroq Eron AQSh bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini nihoyat tan oldi.
Ko‘p o‘tmay jahon OAVlarida Pokistondan Eron bilan AQSh o‘rtasida vositachilik qilishni Tramp so‘ragani va bu aynan Asim Munir bilan qo‘ng‘iroqlashganda aytilgani haqida xabarlar chiqdi.
Aprel oyi boshlarida jahon OAVlari AQSh va Eron delegatsiyalari Pokiston poytaxti Islomobodda muzokara o‘tkazishi haqida xabar tarqatdi.
Muzokaralar uchun Pokiston tanlangani bejiz emas. Bu davlat azaldan AQSh bilan do‘stona aloqalarda bo‘lib kelgan. Pokistonda AQSh harbiy bazalari bo‘lmagani uchun Eron bilan ham chegaradagi ayrim mojarolarni aytmaganda, jiddiy kelishmovchilik yo‘q.
12 aprel kuni AQSh hamda Eron delegatsiyalari Pokiston poytaxti Islomobodda uchrashib, muzokaralar o‘tkazdi va ikki davlat kelishuvga erisha olmadi. Biroq bu ish asosiy vositachi Asim Munirning obro‘siga soya solmadi. Chunki u shundan keyin ham tomonlar bilan muloqotni davom ettirdi.
Jumladan, 16 aprel kuni Asim Munir Tehronda bo‘ldi va Eron tomoni bilan AQShga qo‘yiladigan shartlarni yumshatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Shundan so‘ng AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarda siljish kuzatildi.
Shu tashrifdan so‘ng Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Asim Munirni tinchlik yo‘lidagi xizmatlari uchun olqishladi. Donald Tramp esa Pokiston bosh vaziriga va feldmarshal Asim Munirga alohida minnatdorlik bildirdi. O‘shanda u feldmarshalni “fantastik inson” deya maqtadi.
Umuman olganda AQSh va Eron o‘rtasida vositachilik qilgan Asim Munir o‘z ishini a’lo darajada bajardi. 7 aprel kuni tomonlar ikki haftalik sulhga kelishdi va 8 apreldan u kuchga kirdi.

21 aprel kuni tunda sulh muddati tugashi kerak edi. Biroq muddat tugashidan biroz oldin Tramp sulh uzaytirilganini e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qarorni muzokaralarda vositachilik qilayotgan Pokiston hukumati iltimosi bilan qabul qilgan.
Eng qizig‘i, bu safar sulhga aniq muddat qo‘yilmadi. Tramp Tramp Eron vakillari tinchlik kelishuvi bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etmaguncha va muzokaralar yakunlanmaguncha o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirganini ta’kidladi.
Asim Munir O‘zbekiston bilan ham do‘stona aloqalarga ega
Asim Munir avvaldan mintaqa davlatlari bilan, shu jumladan, O‘zbekiston bilan ham yaxshi aloqalarga ega. 2023 yil 5 sentabr kuni Pokiston qurolli kuchlari quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga kelgandi.
O‘shanda Asim Munir boshchiligidagi delegatsiyani prezident Shavkat Mirziyoyev ham qabul qilgan va uchrashuvda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilingandi.
Joriy yil 5 fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Pokistonga davlat tashrifini amalga oshirdi. O‘shanda O‘zbekiston rahbari Islomobod shahrida bu paytga kelib Pokiston Mudofaa kuchlari qo‘mondoniga aylangan Asim Munir bilan uchrashadi.

Bu uchrashuvda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning asosiy jihatlari muhokama qilinadi.
Harbiy va harbiy-texnika sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, bugungi kunda xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Asim Munir Pokistonni boshqarmoqdami?
Ma’lumki Pokiston Islom Respublikasi parlamentar respublika hisoblanadi va mamlakatni asosan bosh vazir boshqaradi.
Biroq 2025 yil noyabrda mamlakat konstitutsiyasiga 27-o‘zgartirish kiritildi. Unda sud tizimi, harbiy hamda fuqaroviy boshqaruv va yana boshqa bir qator masalalarda o‘zgarishlar qilindi.
Jumladan, Pokistonda Federal konstitutsiyaviy sud nomi bilan yangi oliy sud organi tashkil etildi. Ilgari asosiy kuchga ega bo‘lgan Oliy sud appelyatsiya organiga aylantirildi.
Harbiy sohadagi o‘zgarishlarga kelsak, armiya, harbiy-havo va harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligini birlashtiruvchi yangi tuzilma – Mudofaa kuchlari qo‘mondonligi tashkil etildi.
Mudofaa kuchlari qo‘mondoni bo‘lgan shaxs barcha qo‘shin turlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatadi. Teparoqda aytib o‘tdik, 2025 yil 4 dekabrda bu lavozimga Asim Munir tasdiqlandi.
Qizig‘i shundaki, konstitutsiyaviy o‘zgarishlardan so‘ng endi Pokiston Mudofaa kuchlari qo‘mondonini hech kim ishdan bo‘shata olmaydi. Uni ishga tayinlash va ishdan bo‘shatish uchun parlamentning uchdan ikki qismi ovozi talab etiladi.
Shuningdek, mamlakat prezidenti bilan birga feldmarshal oliy harbiy unvonini olganlar umrbod daxlsiz bo‘ladi va ularga nisbatan hech qanday jinoiy yoki fuqarolik ishi qo‘zg‘atilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Oliy harbiy unvon olgan shaxslar umrbod harbiy formada qolish va barcha imtiyozlardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Yuqoridagilardan xulosa chiqarib shuni aytish mumkinki, Pokistonda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilganidan so‘ng mamlakatda harbiy-fuqaroviy multimodal boshqaruvi vujudga keldi.
Ya’ni mamlakatni bosh vazir boshqargani bilan u Mudofaa kuchlari qo‘mondonini lavozimga tayinlamaydi va ishdan bo‘shata olmaydi. Mudofaa kuchlari qo‘mondoni tom ma’noda mamlakatning harbiy rahbariga aylanadi.
Hozirda Asim Munir ana shunday vakolatlarga ega. Shu sababli ham ayrim jahon OAVlari uni Pokistonning de-fakto rahbari deb talqin qilmoqda. Harholda ular ham bir narsani bilmasa yozmaydi.