Jamiyat | 22:26 / 14.03.2026
1638
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda SSSR pasporti bilan yurgan ayolga ID karta berildi

Ayol uzoq vaqt davomida e’tiborsizlik hamda oilaviy shart-sharoitlarning yetarli darajada bo‘lmaganligi sababli sobiq ittifoq - SSSR pasporti bilan yashab kelgan.

Foto: Adliya vazirligi

Adliya vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “SSSRning so‘nggi fuqarosi Samarqandda yashamoqda” sarlavhali material yuzasidan rasmiy munosabat berdi.

Unga ko‘ra, 1972 yilda Nurota tumanida tug‘ilgan Onarxol Kubayeva Qo‘shrabot tumani «Quvkalla» mahallasida istiqomat qilib, 1992 yilda Payariq tumani «Nakurt» mahallasiga kelin bo‘lib tushgan.

Ayol uzoq vaqt davomida e’tiborsizlik hamda oilaviy shart-sharoitlarning yetarli darajada bo‘lmaganligi sababli sobiq ittifoq — SSSR pasporti bilan yashab kelgan.

Aniqlanishicha, O. Kubayeva mazkur masala bo‘yicha tegishli idoralarga murojaat qilmaganligi sababli uning pasporti O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportiga almashtirilmagan.

“Mazkur holat yuzasidan Qo‘shrabot va Payariq tuman adliya bo‘limlari va Payariq tuman IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi tomonidan zarur choralar ko‘rilib, 14 mart kuni O. Kubayevaga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ID-kartasi rasmiylashtirib berildi”, deyiladi vazirlik munosabatida.

 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid