Jahon | 09:56
2450
4 daqiqa o‘qiladi

Dubay aeroportida dron hujumi sababli parvozlar to‘xtatildi

Dubay xalqaro aeroporti yaqinida dron hujumidan keyin yong‘in kelib chiqdi, havo qatnovi vaqtincha to‘xtatildi, yong‘in esa nazorat ostiga olindi, deb yozadi Reuters. Bu - urush boshlanganidan beri mazkur aeroportga qilingan uchinchi dron hujumi.

Foto: Xia Xiao/Xinhua

Dubay xalqaro aeroporti yaqinida dron hujumidan so‘ng yong‘in chiqdi. BAA Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi 16 mart, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilishicha, parvozlar vaqtincha to‘xtatilgan. Ularni qachon qayta tiklash rejalashtirilayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, bu “barcha yo‘lovchilar va xodimlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko‘rilgan ehtiyot choralari” bilan bog‘liq bo‘lgan.

“Dubay xalqaro aeroporti yaqinidagi dron hodisasi yoqilg‘i rezervuarlaridan biriga ta’sir qildi”, — deb xabar qildi Dubay matbuot xizmati. Reuters agentligi ma’lum qilishicha, yong‘in ko‘p o‘tmay nazorat ostiga olingan.

Politsiya aniqlik kiritishicha, aeroportga olib boruvchi yo‘llar va tunnellardagi harakat vaqtincha to‘sib qo‘yilgan, Emirates aviakompaniyasi esa Dubayga parvozlarni to‘xtatgan. Qator reyslar Al-Maktum xalqaro aeroportiga yo‘naltirilgan.

Reuters eslatishicha, mazkur hodisa Fors ko‘rfazi davlatlariga Eron hujumlari 28 fevraldan boshlanganidan beri dunyodagi eng serqatnov transport tugunlaridan biri bo‘lgan Dubay xalqaro aeroportidagi uchinchi shunday holat bo‘ldi.

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi xalqaro aviatsiyada tartibsizlikka olib keldi. Raketa va dron hujumlari tahdidi sababli Yaqin Sharq havo hududining katta qismi yopiqligicha qolayotgani uchun reyslar bekor qilinmoqda, kechiktirilmoqda va boshqa yo‘nalishlarga burilmoqda, shu bilan birga yoqilg‘i narxi keskin oshib bormoqda.

Hukumat ma’lum qilishicha, urush boshlanganidan beri BAA havo mudofaasi tizimi 1500 dan ortiq Eron droni va qariyb 300 ta raketani to‘sib qolgan. BAA mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mojaroning keskin bosqichi boshlanganidan beri olti kishi halok bo‘lgan, ulardan to‘rt nafari tinch aholi vakillaridir.

28 fevraldan beri AQSh va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli havo hujumlarini amalga oshirmoqda. Buning natijasida Islom Respublikasining oliy rahbari Ali Xominaiy va Eron rahbariyatining boshqa a’zolari o‘ldirilgan.

Javob tariqasida Eron Isroil va Fors ko‘rfazi davlatlari hududiga zarbalar bermoqda.

Bundan tashqari, Tehron Fors ko‘rfazi bilan Hind okeani o‘rtasidagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tijoriy kemachilik uchun blokada e’lon qildi. Urushgacha jahon neft savdosining taxminan beshdan bir qismi aynan shu suv hududi orqali o‘tar edi. Bu esa butun dunyo bo‘ylab yonilg‘i narxlarining sakrashiga sabab bo‘ldi. 10 mart kuni Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashni boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. AQSh Eronning 16 ta mina qo‘yuvchi qayig‘ini yo‘q qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid