Jahon | 09:30 / 16.03.2026
1981
3 daqiqa o‘qiladi

Ekzitpollar: Qozog‘iston yangi konstitutsiya qabul qilinishini qo‘llab-quvvatladi

Qozog‘istonliklarning aksariyati asosiy qonunga o‘zgartishlar kiritishni qo‘llab-quvvatladi, bu ekzitpol natijalarida aks etgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etish darajasi 73 foizdan oshgan.

Foto: RIA Novosti / Yertay Sarbasov

Qozog‘istonda yangi konstitutsiya loyihasi bo‘yicha referendumda ovoz berish yakunlandi. 15 mart, yakshanba kuni kechqurun e’lon qilingan ekzitpol natijalariga ko‘ra, ovoz berganlarning mutlaq ko‘pchiligi asosiy qonunga o‘zgartishlar kiritishni qo‘llab-quvvatlagan.

Yevrosiyo integratsiyasi instituti ekzitpoli ma’lumotiga ko‘ra, referendum ishtirokchilarining 86,7 foizi asosiy qonunning yangi tahriri uchun ovoz bergan. So‘rovnoma mamlakatning 17 viloyati va uchta eng yirik shahridagi 200 ta uchastka chiqishida o‘tkazilgan bo‘lib, qariyb 30 ming respondentni qamrab olgan.

“Kompleks ijtimoiy tadqiqotlar instituti — Ostona “Sotsis-A” xususiy jamg‘armasi o‘tkazgan boshqa bir ekzitpol esa qo‘llab-quvvatlash darajasi 87,4 foiz bo‘lganini ko‘rsatdi. Amanat partiyasining Jamoatchilik siyosati instituti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rov ishtirokchilarining 88,6 foizi yangi konstitutsiyani qo‘llab-quvvatlab ovoz bergan.

Ovoz berishning rasmiy natijalarini Markaziy referendum komissiyasi yetti kun ichida e’lon qilishi kerak.

Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘yicha ishtirok darajasi 73,24 foizni tashkil etgan. Jami ovoz berishda Qozog‘istonning 9 126 850 nafar fuqarosi qatnashgan. Qozog‘iston MSK yangi konstitutsiya bo‘yicha referendumni allaqachon o‘tgan, deb hisoblash mumkinligini e’lon qildi.

Eng yuqori ishtirok darajasi — 93,04 foiz Qizilo‘rda viloyatida qayd etilgan, eng past ko‘rsatkich esa — 33,43 foiz mamlakatning eng yirik shahri va 1997 yilgacha Qozog‘iston poytaxti bo‘lgan Olmaota shahrida kuzatilgan. Hozirgi poytaxt Ostonada ishtirok darajasi 60,36 foizni tashkil etgan.

Yangi konstitutsiya loyihasi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan. Hujjatda, jumladan, ikki palatali parlamentni tugatib, uni bir palatali qurultoy bilan almashtirish, shuningdek, prezidentga bosh prokuror, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud raislari, Milliy bank rahbari hamda Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarini yakka tartibda tayinlash huquqini berish taklif etilgan.

Bundan tashqari, vitse-prezident lavozimini joriy etish rejalashtirilmoqda, uni ham prezident bir palatali parlament roziligi bilan tayinlaydi. Agar ushbu qonunchilik organi ikki marta u taklif qilgan vitse-prezident, bosh vazir va spiker lavozimlariga nomzodlarni ma’qullamasa, prezident qurultoyni tarqatib yuborishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid