Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
To‘qayev va YeI yetakchilari hamkorlikning yangi bosqichini boshladi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Bryusselda Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyen bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar uchrashuv yakunlari bo‘yicha strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qildi.
23 iyun kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Qozog‘iston va Yevroittifoq o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va investitsion hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.
To‘qayevning ta’kidlashicha, Qozog‘iston va Yevroittifoq munosabatlari bugungi kunda hamkorlik tarixidagi eng yuqori darajaga chiqqan.
«O‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan munosabatlarimiz haqiqiy strategik sheriklik xususiyatini kasb etdi. Men Bryusselga barcha sohalardagi hamkorligimizni yanada chuqurlashtirish maqsadida keldim», — dedi Qozog‘iston rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar davomida imzolangan kelishuv va memorandumlar ikki tomonning aloqalarni yanada mustahkamlashga bo‘lgan intilishini tasdiqlaydi.
To‘qayev Qozog‘iston Markaziy Osiyoda Yevroittifoq bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni (EPCA) imzolagan va ratifikatsiya qilgan birinchi davlat ekanini eslatdi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda Yevroittifoq rahbarlari mazkur kelishuv doirasida hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Ursula fon der Lyayyen ma’lum qilishicha, EPCA imzolanganidan beri o‘tgan o‘n yil davomida Qozog‘iston va Yevroittifoq o‘rtasidagi savdo aylanmasi ikki baravardan ko‘proq oshgan.
Tomonlar investitsiya muhitini yaxshilash, muhim xomashyo resurslari, energetika, transport, raqamlashtirish va yangi texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Uchrashuvda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagining strategik ahamiyatiga ham alohida urg‘u berildi. Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta Qozog‘istonni Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi transport bog‘liqligini ta’minlovchi muhim halqa sifatida baholadi.
Shuningdek, tomonlar aviatsiya sohasidagi Gorizontal kelishuv imzolanganini hamda viza berish tartibini soddalashtirish va readmissiya bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Qayd etilishicha, mazkur kelishuvlar Qozog‘iston va Yevroittifoq fuqarolari o‘rtasidagi aloqalarni yanada faollashtirishga xizmat qiladi.
Mavzuga oid
18:07 / 22.06.2026
Qozog‘iston universitetlari Markaziy Osiyoda eng yaxshi deb topildi
08:21 / 22.06.2026
Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston prezidenti administratsiyasi rahbari bilan uchrashdi
20:56 / 21.06.2026
Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazdi
17:43 / 19.06.2026