Jahon | 16:00
612
3 daqiqa o‘qiladi

Bryussel: D vizasiga ega rossiyaliklarning hisobi bloklanmasligi kerak

Yevropa komissiyasi tushuntirishicha, bank sanksiyalari Yevropa Ittifoqi, YeIH davlatlari va Shveytsariyada yashovchi rossiyaliklarga nisbatan qo‘llanmaydi. Shu bilan birga, agar RF fuqarolari bu mamlakatlarda yashamay qo‘ysa, banklar ularga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishi mumkin.

Foto: Getty Images

Yevropa komissiyasi Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni qo‘llash bo‘yicha rasmiy tushuntirishlarni yangiladi. Yevropa Ittifoqi saytida e’lon qilingan 483 betlik hujjatga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida D vizasi va yashash uchun ruxsatnomasi bor rossiyaliklarning bank hisoblari bloklanmasligi kerak. Bu holatga 17 mart, seshanba kuni “Kovcheg” huquqni himoya qilish loyihasi e’tibor qaratdi.

Yevropa komissiyasining Rossiya fuqarolariga nisbatan Yevropa Ittifoqining 19-sanksiyalar paketi doirasidagi bank cheklovlarini qo‘llash bo‘yicha rasmiy tushuntirishlarida aytilishicha, ushbu sanksiyalar Yevropa Ittifoqi, Yevropa iqtisodiy hududi (YeIH) davlatlari va Shveytsariyaning vaqtinchalik yoki doimiy yashash guvohnomasiga, yoxud fuqaroligiga ega bo‘lgan rossiyaliklarga nisbatan qo‘llanmasligi kerak. Bundan tashqari, ushbu mamlakatlardagi D toifasidagi uzoq muddatli vizalar egalariga ham bu cheklovlar tatbiq etilmasligi lozim.

Bunday vizalar ishlash, o‘qish, oila bilan birlashish, shuningdek gumanitar sabablar asosida beriladi. Huquq himoyachilari ta’kidlashicha, “hujjatda ushbu ro‘yxat to‘liq emasligi va faqat ayrim misollarni o‘z ichiga olishi” alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Sanksiyalardan ozod qilinishi uchun D toifasidagi viza egalari yashab turgan mamlakatda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi va shu orqali rezident maqomini olishi kerak.

Shu bilan bir vaqtda, Yevropa banklari va to‘lov servislari, agar ularda RF fuqarosi Yevropa Ittifoqi, YeIH yoki Shveytsariya rezidenti bo‘lmay qolgani haqida ma’lumot bo‘lsa, unga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishi kerakligi tushuntirishlarda qayd etilgan. Biroq xizmatlarni to‘xtatish bank hisobini darhol yopishni anglatmaydi.

2025 yil oxirida Revolut banki faqat D turidagi vizasi bor, ammo yashash uchun ruxsatnomasi bo‘lmagan rossiyaliklarning hisoblarini muzlatishni boshlagan edi. Bank bu qarorini Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi sababli joriy etilgan Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga rioya qilish zarurati bilan izohlagan. Shuningdek, Yevropada yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lmagan rossiyaliklar va belaruslarga tegishli Wise kartalari ham bloklangani haqida xabarlar chiqqan edi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid