Jamiyat | 08:25
853
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona va Navoiyda yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Farg‘ona va Navoiy hududlarida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari aniqlanib, qonunbuzarlar qo‘lga olindi.

Foto: DXX

Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1989 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaroga tegishli sumka xolislar ishtirokida tekshirildi. Natijada, sumka ichida 5 bo‘lakdan iborat jami 4 kg 463 gramm “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Tekshiruvlar davomida mazkur noqonuniy faoliyatga aloqador bo‘lgan uning 1990 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik jinoyati uchun sudlangan ukasi ham protsessual tartibda ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, aka-ukalar ushbu giyohvandlik vositasini Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kirib, Farg‘ona viloyati hududida sotishni rejalashtirishgan.

Shuningdek, Navoiy shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 2000 yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro to‘xtatilib tekshirildi. Undan 8 ta ampulada gashish moyi va 10 dona folga qog‘ozga o‘ralgan gashish moddasi olindi.

Tezkor tadbir davomida uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, u yerda narkolaboratoriya tashkil etilgani aniqlandi. Manzildan 34 dona izolentaga o‘ralgan gashish, 63 ta ampulada 88 gramm gashish moyi, 2 ta shpritsda 25 milligramm gashish moyi, shuningdek, 640 gramm gashish moyi va 2 gramm qo‘lbola usulda tayyorlangan gashish hamda qadoqlash uchun mo‘ljallangan vositalar — tarozi, ampula, shprits va boshqa jihozlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid