Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Isroilda Eronning raketa hujumi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi
Eron Isroilning markaziy qismiga raketa hujumini amalga oshirdi va buni Islom Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Ali Lorijoniyning halok bo‘lishi uchun qasos deb atadi. Ramat-Gan shahrida bir erkak va bir ayol vafot etdi.
Foto: Jamal Awad/Xinhua/picture alliance
Tel-Avivdan sharqda joylashgan Isroilning Ramat-Gan shahrida Eronning raketa zarbasi oqibatida jarohat olgan bir erkak va bir ayol olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. Bu haqda Isroilning Magen David Adom qutqaruv xizmati 18 mart, chorshanbaga o‘tar kechasi xabar qildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar yoshi 70–80 oralig‘ida bo‘lgan keksa juftlikdir.
E’lon qilingan foto va videolarga qaraganda, raketa turar joy binosiga kelib urilgan.
Tel-Aviv yaqinida joylashgan yana bir shahar — Bney-Brakda, xuddi shu qutqaruv xizmati ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lidan yengil parcha jarohati olgan erkak kasalxonaga olib ketilgan.
Shuningdek, raketa zarbasi Tel-Avivdagi Savidor temiryo‘l stansiyasiga ham zarar yetkazgani xabar qilinmoqda. Ushbu stansiya orqali poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatildi. OAV xabarlariga ko‘ra, Isroilning markaziy qismida yong‘in xizmati raketa hujumlari tufayli yuzaga kelgan bir necha yong‘inni o‘chirgan.
Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) o‘zining Telegram-kanalida vayronaga aylangan temiryo‘l stansiyasida qutqaruv xizmatlari ishini aks ettiruvchi fotosuratlarni e’lon qildi. Postda shunday deyiladi: “Qidiruv va qutqaruv xizmatlari Isroil markaziy qismining zarbalar haqida xabarlar kelib tushgan bir nechta hududida ish olib bormoqda, qidiruv ishlarini o‘tkazmoqda va voqea joyida tinch aholiga yordam ko‘rsatmoqda”.
Dpa agentligi qayd etishicha, Isroil tomonga uchirilgan raketalarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan tutib qolingan. Biroq mamlakatning markaziy qismida bir nechta nishonlarga tegib tushish holatlari ham qayd etilgan. Isroil harbiylari aholini bu hujumlar sodir bo‘lgan joylarga yaqinlashmaslikka chaqirdi.
Shu orada Eron televideniyesi Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bayonotini efirga uzatdi. Unda Eron Tel-Aviv yaqinidagi hududlarga o‘rta masofali “Hurramshahr-4” ballistik raketalari (boshqa nomi — “Haybar”) va uzoq masofali “Qodir” raketalari yordamida hujum qilgani aytilgan. IIMK bu hujumlarni Islom Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Ali Lorijoniyning yo‘q qilinishi uchun Isroildan olingan qasos deb atadi.
18 martga o‘tar kechasi davomida, turli davlatlar rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa kuchlari Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklarida, jumladan Dubayda ham ishga tushirilgan. AFP agentligi ham o‘z muxbirlariga tayanib, Dubayda bir nechta kuchli portlashlar yuz bergani haqida yozmoqda.
18 mart kuni Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze mahalliy vaqt bilan soat 9:15 da Eron snaryadi BAAdagi Al-Minhad aviabazasi yaqiniga tushganini ma’lum qildi. U yerda Avstraliya harbiylari joylashgan. AFP uning bu boradagi bayonotidan iqtibos keltirib shunday yozadi: “Avstraliya fuqarolaridan hech kim jabrlanmagani va barchasi mutlaqo xavfsiz ekanini ishonch bilan ayta olaman”.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni shahzoda Sulton nomidagi aviabaza yaqinida ballistik raketa tutib qolinganini ma’lum qildi. Ushbu bazada AQSh harbiy xizmatchilari va jangovar samolyotlari joylashgan.
18 martga o‘tar kechasi Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligi shu kuni Ar-Riyodda arab va islom davlatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Unda mintaqadagi vaziyat va Yaqin Sharq xavfsizligini ta’minlash uchun ishtirokchi davlatlar harakatlarini muvofiqlashtirish masalalari muhokama qilinadi. Xabar chop etilgan vaqtga qadar bu uchrashuvda qaysi davlatlar ishtirok etishi haqida xabar berilmagan edi.
AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eronga havo zarbalari bergan edi. Shundan so‘ng Tehron Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar yordamida hujum qila boshladi. Islom Respublikasi bayonotlariga ko‘ra, bu hujumlarning nishonlari mintaqadagi Amerika harbiy bazalaridir. Eron zarbalari ostida Fors ko‘rfazidagi ayrim davlatlardagi neft omborlari va neft tankerlari ham qolgan.
Urush boshlanganidan beri Eron hujumlaridan Ozarboyjon va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan Kipr ham jabr ko‘rgan.
Mavzuga oid
16:46
AQSh aviatashuvchisida yong‘in: «Gerald R. Ford» Eronga qarshi urushda safdan chiqishi mumkin
16:12
Isroil Eron razvedka vaziri o‘ldirilganini ma’lum qildi
14:55
Germaniya TIV rahbari Eronda harbiy yechimga ishonmayapti
12:06