O‘zbekiston | 09:20
14633
2 daqiqa o‘qiladi

Mart oyidagi bayramlar: necha kunlik dam olish kutilyapti?

2026 yil mart oyida Ramazon hayiti va Navro‘z bayramlari munosabati bilan 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar ketma-ket 4 kun, 6 kunlik ish haftasida ishlaydiganlar esa 3 kun dam oladi. 

Foto: iStock

O‘zbekistonda Ramazon oyi 19 fevraldan boshlangan. Shu bilan birga, 2026 yil Ramazon hayiti 20 mart, juma kuniga to‘g‘ri kelishi kutilyapti.

Navro‘z bayrami esa har yili 21 mart kuni nishonlanadi. 2026 yilda ushbu sana shanba kuniga to‘g‘ri keladi. Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq, agar ishlanmaydigan bayram kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelsa, dam olish kuni keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Shu bois 21 martdagi bayram munosabati bilan dam olish kuni 23 mart, dushanbaga o‘tadi.

Shundan kelib chiqib, 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kunlari quyidagicha bo‘ladi:

  • 20 mart — Ramazon hayiti;
  • 21 mart — Navro‘z bayrami;
  • 22 mart — yakshanba;
  • 23 mart — ko‘chirilgan dam olish kuni.

6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar esa 20, 21 va 22 mart kunlari dam oladi. Ular uchun 23 mart, dushanba ish kuni bo‘lib qoladi.

Shu tariqa, mart oyida bayramlar tufayli 5 kunlik ish tartibida ishlovchilar uchun 4 kunlik, 6 kunlik ish tartibidagilar uchun esa 3 kunlik uzluksiz dam olish imkoniyati yuzaga keladi. 

Ayni paytda, Ramazon hayitini nishonlash bo‘yicha alohida prezident qarori e’lon qilinsa, tartib rasman yanada aniqlashtirilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid