O‘zbekiston | 15:18
2329
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hayit arafasida Afg‘onistonga insonparvarlik yordami yubordi

290 tonnadan ziyod insonparvarlik yuki – un, guruch, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, makaron, qandolat va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat. Yordamdan maqsad – Ramazon hayiti munosabati bilan afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash va do‘stona qo‘shnichilikni mustahkamlashdan iborat.

Foto: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi

18 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi nomidan birodar Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami yetkazildi.

Mazkur ezgu tashabbus Ramazon hayiti munosabati bilan afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi.

Umumiy og‘irligi 290 tonnadan ziyod bo‘lgan insonparvarlik yuki – un, guruch, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, makaron, qandolat va boshqa turdagi mahsulotlardan iborat.

Insonparvarlik yukini rasman topshirish marosimi Hayraton shahrida bo‘lib o‘tdi.

Marosimda so‘zga chiqqan Balx viloyati gubernatori o‘rinbosari Mavlaviy Abu Idris, Tashqi ishlar vazirligining Balx viloyati bo‘linmasi rahbariyati, shuningdek, Hayraton shahar hokimligi vakillari O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevga afg‘on xalqiga doimiy ko‘rsatib kelinayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik, amaliy qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda, shuningdek, O‘zbekistonning Afg‘onistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov hamda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.

Kuni kecha O‘zbekiston Eron xalqiga ham insonparvarlik yordami yuborgan edi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid