Jahon | 12:27 / 20.03.2026
1613
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniya Rossiyani havo hududini buzishda aybladi

Estoniya harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Su-30 qiruvchisi Boltiq dengizi ustida Estoniya havo hududiga kirgan va u yerda taxminan bir daqiqa bo‘lgan. Tallin Moskvaga rasmiy norozilik bildirdi. Bu shunday turdagi birinchi holat emas.

Foto: Picture Alliance

Rossiyaning Su-30 qiruvchisi Boltiq dengizidagi Vayndloo oroli hududida Estoniya havo makonini buzdi. Bu haqda mamlakat Bosh shtabi 19 mart, payshanba kuni ma’lum qildi. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, hodisa bir kun avval, 18 mart kuni kunning ikkinchi yarmida sodir bo‘lgan. Rossiya harbiy samolyoti Estoniya osmonida taxminan bir daqiqa bo‘lgan, shu bilan birga u uchish rejasiga ega bo‘lmagan va Estoniya aviatsiya xizmati bilan radioaloqani saqlamagan.

Havo chegarasining buzilishiga NATOning Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududini qo‘riqlash missiyasi doirasida Emari aviabazasida joylashgan Italiya Harbiy-havo kuchlari bo‘linmasi javob qaytargan, deb xabar berdi Estoniya teleradiokompaniyasi ERR.

“Estoniya xavfsizligiga tahdid bo‘lmadi”, — dedi ushbu Boltiqbo‘yi mamlakatining tashqi ishlar vaziri Margus Tsaxkna. Estoniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchixonasining vaqtinchalik ishlar vakilini chaqirtirdi va hodisa munosabati bilan unga norozilik notasini topshirdi.

Estoniya bosh vaziri Kristen Mixal X ijtimoiy tarmog‘ida Rossiyaning xatti-harakat uslubi o‘zgarmayotganini yozdi.

“NATO ishlayapti. Bizning havo hududimiz doimiy ravishda kuzatib boriladi, qo‘riqlanadi va himoya qilinadi”, — deya ta’kidladi Mixal.

2025 yil davomida Rossiya harbiy samolyotlari qo‘shni mamlakat havo hududini kamida to‘rt marta buzgan. Bunday so‘nggi holat 19 sentabr kuni sodir bo‘lgan — o‘shanda Rossiya Harbiy-kosmik kuchlariga tegishli uchta MiG-31 qiruvchisi ruxsatsiz ravishda o‘sha Vayndloo oroli yaqinidagi Estoniya osmonida 12 daqiqa bo‘lgan.

Bu hodisani Yevropa Ittifoqi, Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya qoralagan. Germaniya tashqi ishlar vaziri Yoxann Vadeful Rossiya tomonidan havo hududining buzilishini “qabul qilib bo‘lmaydigan holat” deb atagan.

“Hushyorlik — erkinlikning bahosi”, — deb yozdi Vadeful X ijtimoiy tarmog‘ida. Uning ta’kidlashicha, NATOning bu tamoyili hozir ham dolzarbligini yo‘qotmagan.

Yevropalik siyosatchilar tomonidan yanada keskinroq izohlar ham yangradi. Jumladan, Chexiya prezidenti Petr Pavel 20 sentabr kuni NATO havo hududiga bosqin qilingan taqdirda Rossiya samolyotlari urib tushirilishi mumkinligini aytdi va shunday qo‘shimcha qildi: “Buni hech kim istamaydi”.

Xuddi shunday fikrni XDI/XSI bloki parlament fraksiyasining tashqi siyosat bo‘yicha eksperti Yurgen Xardt ham bildirdi. Germaniyalik siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning provokatsiyalari G‘arb ularga “aniq javob qaytargandagina” to‘xtaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid