Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Matematika qiyin emas” – ZuLine loyihasi asoschisi
Oliy toifali pedagog Zulayho Habibullayeva matematik bilimlarni ommalashtirishga qaratilgan “ZuLine – Bilim yoʻlida birga yuramiz” loyihasi asoschisi. U ijtimoiy tarmoqlarda “Matem master” nomi bilan ijod qiladi. O‘z faoliyati davomida yoshlarga bilim berib, ularning matematik tafakkurini rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Uning darslari sodda tushuntirish usuli, qiziqarli mashqlar va hayotiy misollar bilan ajralib turadi.
Oliy toifali pedagog Zulayho Habibullayeva matematik bilimlarni ommalashtirishga qaratilgan “ZuLine – Bilim yoʻlida birga yuramiz” loyihasi asoschisi. U ijtimoiy tarmoqlarda “Matem master” nomi bilan ijod qiladi. O‘z faoliyati davomida yoshlarga bilim berib, ularning matematik tafakkurini rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda. Uning darslari sodda tushuntirish usuli, qiziqarli mashqlar va hayotiy misollar bilan ajralib turadi.
Zulayho Habibullayeva Andijon Muhandislik iqtisodiyot institutining iqtisodiyot fakultetida tahsil olgan. Matematika faniga qayta o‘qib, umumta’lim maktablarida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari qisqa fursat ichida ommalashgan loyiha asoschisi matematika fanini qanday qilib hayotga uyg‘unlashtirayotgani haqida so‘zlab berdi:
“Bitta videoroligimizdan keyin insonlar ongida shunaqangi portlash bo‘ldiki, matematika shunchalik qiziq, shunchalik oson fan ekanini ko‘pchilik anglab yetdi. Bundan judayam xursand bo‘ldim va faoliyatimni davom ettirish uchun ana shu video ostidagi izohlar turtki bo‘ldi.
O‘zi aslida bolaligimdan matematika faniga juda qiziqar edim. Matematikaga urg‘u berib, uni qanday qilib inson qalbiga olib kirish mumkinligi haqida o‘ylab aynan insonlarning hayotdagi og‘riqli nuqtalaridan boshladim. Ya’ni tangens, kotangens insonga qachon kerak bo‘ladi, nega kerak? Demak biz matematikani hayotga uyg‘unlashtirishimiz kerak. Insonlar matematikaning kerakligini his qilishi uchun uni hayotga bog‘lashim kerak deb o‘yladim.

Kimdir musiqa chalishga, kimdir rasm chizishga qiziqadi. Mana shu qiziqqan sohalariga matematikani bog‘lagan holda o‘rgatishni xohladim. Maktabni bitirib o‘z o‘rnini egallab olgan, yoshlari anchaga borgan insonlarni matematikaga qanday qiziqtirsam bo‘ladi degan fikr keldi-da, mashina shinasi haqida video tayyorladik. Mashinaning shinasi qanday holatda bo‘lsa sizga foydali? Aylana uzunligi va doira yuzi degan mavzumiz bor matematikada.
Standart bo‘yicha shishirilgan shina bir marta aylanganda qancha uzunlikni bosib o‘tadi? To‘liq shishirilganda 185 santimetr yursa, bir santimetrgagina radius farq qilganda 182 yuradi, ya’ni 3 santimetr, bir aylanganda 3 santimetr kam yuradi va bir kilometrda qancha kam yurishini hisoblab berdim. Mashina shinasida demak diska aylanadi. Diska aylanganda demak bir kilometrga 9 ta ko‘p aylanar ekan haligi kichkina radiusli mashinamiz.
Masalan, kundalik hayotda matematika kerakligini tushuntirish uchun yana bir izlanish qildim yaqinda. Ya’ni buni meditsinaga ham bog‘lasa bo‘lar ekan degan fikr keldi-da. Sinusni bilmaganingiz bo‘yin osteoxondroziga yoki grijasiga olib kelishi mumkin. Qanday?
Hammamizda telefon bor. Telefonga qarayotgan paytingizda qanchalik darajada egilib o‘tirish kerak? Ya’ni inson tik turgan holatda bo‘yni 5 kg og‘irlikni ko‘tarib turar ekan. Ya’ni insonni boshi tik turgan holatda bo‘yinga 5 kg vazndagi og‘irlikni beradi. Agar u 15 gradus egilganda demak bo‘yinga bosh ko‘tarib turish markazidan qochgani hisobiga bo‘ynimizga 12 kg yuk tushadi. Bu o‘rtacha, normadagi holat. Agar mana shu gradus 30 gradusga ortib ketsa, boshimizning bo‘ynimizga berayotgan og‘irligi 18 kilogrammni tashkil qiladi. Bu o‘rtacha xavfli. Endi agar 60 gradus bo‘lib ketsa-chi? Unda bo‘ynimiz naqd 27 kg og‘irlikni ko‘tarib turgan bo‘lar ekan. O‘rtacha 5 kg bo‘lishi uchun biz telefonni mana bunday ushlashimiz kerak-da, unday ushlab o‘tirolmaymiz. Demak biz telefonni qancha gradusda ushlasak bo‘ynimizga ozroq yuk tushadi.
Ustalar keladi uyimizga tom yopgani. Kosinus haqida bir hayotga bog‘lay deb tomni misol keltirmoqchi bo‘ldim. Ya’ni tomni O‘zbekiston sharoitida burchagining gradusi qancha bo‘lsa bizda normada bo‘ladi? 25 gradusmi, 40 gradusmi? Shu jarayonda men ko‘p ustalar bilan gaplashdim. Juda ko‘p ustalar bilan gaplashdim va bir usta shunaqa qildiki, “men asosan mana shundan foydalanaman”, deb menga bir boshqa formula ko‘rsatdi. Haligi formulani kosinusgayam, sinusgayam, tangens-kotangensgayam qo‘yib ko‘rdim. Ishoning, hammasiga tushib ketadigan bitta umumiy formula yaratib qo‘ygan-da. Haligi ustaning matematikasiga judayam qoyil qoldim.
Matematik bo‘lishimda asosiy sabab – otam arxitektor bo‘lgan. Bir qancha katta inshootlar, binolar qurilishida asosiy rolda bo‘lgan. Onam esa fizika, matematika, informatika, astronomiya fanlari o‘qituvchisi bo‘lgan.
Ko‘pchilik ota-onalar o‘zi yetisholmagan narsasiga, yetisholmagan bilimlari farzandlarida bo‘lishini xohlaydi. Bu to‘g‘ri. Mehribonlik hissi, bolasiga ko‘p narsani ilinishi. Lekin shu paytda bolani ozgina qiynab qo‘ymayapmanmikan degan fikr keladi. Lekin ana shu narsa vijdonini qiynashi mumkin baribiram bolasini qat’iy o‘qishga majburlaydi. Lekin bolaning psixikasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, bola, masalan bir farzandim boshqa farzandimga she’r yodlatayotganimda u o‘ynab, u yoqdan bu yoqqa yugurib, bir narsalarni titib, irg‘itib yurgan paytda bu farzandim yodlatgan she’rimni u ana shu jarayonda yodlab oladi. Va kelib aytadi: “Mana shu she’rni men aytib beraymi?” Qaysi paytda yodlading? Ha, shu o‘ynab yurgan paytda yodlagan bo‘ladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tanilganimdan so‘ng menga ko‘p takliflar chiqdi. Mana shu takliflarni o‘ylab ko‘rib, anchasiga rozi bo‘lishga harakat qildim. Asosiysi Germaniyada ishlaydigan, yashaydigan bir qizimiz menga aloqaga chiqdi. 2-sinf uchun “Ta’tilda matematika” degan kitob yaratdik. 60 betdan iborat qo‘llanma. Ya’ni o‘zbekzabon bolalar matematikani o‘zbekcha hamda nemischa o‘rgansin degan maqsadda yozgi ta’til uchun kitob yozdik.
Videoroliklarimizni turmush o‘rtog‘im bilan birga tayyorlaymiz. Ular ham operator va montajchi. Kelajakda rejalarimizning eng asosiysi xususiy maktab ochish. Yana bir orzum, Aziz Nesinning farzandi Ali Nesin Turkiyaning Izmir shahrida matematika qishlog‘ini yaratgan. Shu qishloqni ko‘rib kelish orzusida yuribman”, deydi Zulayho Habibullayeva.
Mavzuga oid
15:25 / 02.05.2023
“Matematikani o‘rganish orqali odam muammolarga o‘zgacha qarashni boshlaydi” – olimpiadachi yosh matematiklar bilan suhbat
18:08 / 01.11.2020
Genesis Education'ning besh nafar o‘quvchisi Antaliyadagi olimpiada sovrindori bo‘ldi
12:24 / 04.03.2020
Tafakkur va fantaziya tutashgan nuqta. Matematika yosh tadqiqotchilar nigohida
00:50 / 08.08.2019