Maktab o‘quvchisi hayotini o‘zgartirib yuboradigan, ularga keng imkoniyatlar eshigini ochuvchi nufuzli musobaqalardan biri – xalqaro olimpiada. Fizika, kimyo, biologiya fanlari qatorida har yili matematikadan ham ko‘plab mamlakat o‘quvchilari o‘rtasida olimpiada o‘tkaziladi. O‘zbekiston 1997 yildan beri xalqaro matematika olimpiadasida qatnashib keladi. Shu vaqtgacha terma jamoa 10 ta kumush va 30 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan, ammo oltinni olish hali hech kimga nasib qilmagan.

2023 yilgi xalqaro matematika olimpiadasi 2-13 iyul kunlari Yaponiyaning Chibo shahrida bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etadi. Olimpiadaga boradigan yosh matematiklarning tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishish maqsadida Kun.uz muxbiri Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Anvarbek Rahmatov hamda Xorazm viloyati Urganch shahar 6-ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 11-sinf o‘quvchisi Behzod Maqsudov bilan suhbatlashdi.

Anvarbek Rahmatov: Onam o‘qituvchi bo‘lgan. Maktabda eng qiziqqan fanim matematika bo‘lgan. Qolgan fanlar orasida qiyin fan ekanligi uchun ham matematika qiziq bo‘lgandir balki. Keyin Qorako‘ldagi maktabga o‘qishga kirganman. 7-sinf vaqtlarim, ya’ni 2019 yilda xalqaro olimpiadaga tayyorlanib, musobaqalarda qatnashishni boshlaganman. O‘shanda Janubiy Afrikada IMC (International math competition)da oltin medal olib kelganmiz. Shu narsa olimpiadada qatnashib, medal olishga harakat qilishga turtki bo‘lgan.

Xalqaro matematika olimpiadasiga har yili saralash bo‘ladi. 9-sinfdan beri shu saralashda qatnashishni boshlaganman. 9-sinfda o‘ta olmaganman. Keyin 10-sinfda shu saralashdan o‘tib, o‘tgan yilgi Norvegiyada bo‘lgan olimpiadada qatnashib kelganmiz. Bu men uchun yaxshi tajriba bo‘lgan.

Birinchi marta olimpiadada qatnashib medal ololmagach, hozirgacha yaxshiroq natija ko‘rsatish uchun tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Behzod Maqsudov: Matematikaga qiziqishimga bobom sababchi bo‘lgan. O‘qish-yozishni bilmasdim, bog‘cha vaqtida bobom ko‘paytirish jadvalini yodlatib, hisoblashni o‘rgatgan. Shuning hisobiga boshlang‘ich sinfda ham matematika bilan muammom bo‘lmagan. Eng yaxshi biladigan fanim matematika bo‘lgani uchun 5-sinfda shu fandan olimpiadaga borishga qaror qilganman. U yerdagi mendan yuqoriroq bilimga ega bolalarni ko‘rib, ular bilan bahslashishga, o‘z ustimda ishlashga harakat qilganman.