Kun.uz sayti turli soha olimlari bilan ilm-fan mavzularida suhbatlar uyushtirib kelmoqda. Shu orqali mutaxassislarning ilm-fandagi jarayonlar va sohalar rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar haqidagi fikrlari berib borilyapti.

Bugun esa matematikaning turli yo‘nalishlarida dars berib, bilim ulashayotgan va ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan matematiklarning fikrlari bilan tanishamiz.

«Matematika qiyin fan degan tasavvurlar noto‘g‘ri»

Isroil Tillaboyev – Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani 65-ixtisoslashtirilgan maktab internati matematika fani o‘qituvchisi, xalq ta'limi a'lochisi.

Isroil Tillaboyev

– Qaysidir joyda o‘qigandim: olimlar dunyoda fanlarni oson va qiyinligiga qarab reytingga ajratgan, shundan eng osoni matematika fani ekani aniqlangan. Chunki matematika insonning aqliy xususiyatlari imkoniyatidan kelib chiqib o‘zlashtirsa bo‘ladigan, boshqa ko‘p narsa talab qilinmaydigan fan.

Undan keyingi o‘rinlarda fizika va kimyo turishi aytilgan. Chunki bu ikki fanni o‘rganish, tushunish uchun albatta matematikani bilish talab qilinadi. Bu ketma-ketlikning oxirgi o‘rnini falsafa egallagan. U dunyodagi eng qiyin fan ekan.

Ko‘rib turganingizdek, matematika haqida juda ko‘pchilik odamlar tasavvurida sun'iy shakllanib qolgan, qiyin fan degan aslida ilmiy tomondan noto‘g‘ri talqin isbotlangan: matematika dunyodagi eng oson fan!

O‘quvchilar matematika bilan bog‘cha yoshidanoq duch kelishadi, 1-sinfdan boshlab asosiy fan sifatida o‘qitiladi. Butun dunyoda shunday, butun insoniyat sivilizatsiyasining eng oliy ijodi bu – matematika.

O‘quvchilarga kundalik xayotda har bir qadamida matematikani ko‘rsatib qiziqtirish, bu fanni faqat oliy o‘quv yurtiga kirish uchun vosita emas, balki hayotida davomida duch keladigan masalalarga yechim beruvchi yordamchi sifatida tasavvur uyg‘otishimiz kerak. Miyaning aql chuqurlarini ochuvchi aql gimnastikasi o‘laroq, bu fanni o‘rganish miyaga foydali mashg‘ulot ekanligini uqtirish muhim.

«Matematikning fantaziyasi keng bo‘lishi kerak»

Erkin Aliyev – Namangan muhandislik-texnologiya instituti o‘qituvchisi yosh olim.