Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh Eron neftiga qo‘llanilayotgan sanksiyalarni yumshatdi. Nega?
AQSh Moliya vazirligi bir oy muddatga Eron neftini sotib olish va sotishga ruxsat berdi. Bu qaror energiya resurslari narxlarini pasaytirishga yordam berishi bilan izohlanyapti. Hozirda Eron neftining asosiy xaridori - Xitoy bo‘lib, rasmiy Pekin xomashyoni chegirma bilan sotib olyapti. Sanksiyalarning yumshatilishi neftni Hindiston,Yaponiya va Malayziyaga yo‘naltirishi, natijada Xitoy ham «bozor narxi»da pul to‘lashga majbur bo‘lishi mumkin.
Foto: EPA
20 mart, juma kuni kechqurun AQSh Moliya vazirligi 30 kun muddatga Eron nefti va neft mahsulotlarini sotib olish hamda sotishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Bu faqat shu kungacha jo‘natilgan va yo‘lda bo‘lgan yuklarga taalluqli. Yangi bitimlar tuzishga ruxsat berilmaydi.
AQSh moliya vaziri Skot Bessent maskur qarorni «qisqa muddatli» deya izohladi. Uning ta’kidlashicha, yangi choralar jahon bozoriga taxminan 140 million barrel neft chiqarishga imkon beradi. Bu esa taqchillikni qisman kamaytirib, Ho‘rmuz bo‘g‘ozida tijoriy kemalar harakati to‘xtatilgani fonida keskin oshgan narxlarni pasaytirishga yordam beradi. Hozirda Eron neftining asosiy xaridori — Xitoy bo‘lib, rasmiy Pekin neftni chegirma bilan sotib olyapti.
«Aslida, biz «Epik g‘azab» operatsiyasi davom etayotgan paytda narxlarni past darajada ushlab turish uchun Eron neftidan Tehronning o‘ziga qarshi foydalanamiz», — deya yozdi AQSh moliya vaziri.
Bessentning qo‘shimcha qilishicha, rasmiy Tehron bu daromadlardan foydalanishda qiynaladi, chunki AQSh Eronning xalqaro moliya tizimiga kirish imkoniyatlariga maksimal bosimni davom ettiradi.
Bir hafta oldin shunga o‘xshash vaqtinchalik yengillik Rossiya neftiga nisbatan ham qo‘llangandi. Bessent payshanba kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida cheklovlarning yumshatilishi Eron neftini Hindiston, Yaponiya va Malayziyaga yo‘naltirishga yordam berishini, Xitoy esa hozirgiday chegirma bilan emas, balki «bozor narxi»da pul to‘lashga majbur bo‘lishini aytgandi. Uning prognozlariga ko‘ra, Eron neftining bozorga chiqishi narxlarni 10–14 kun davomida pasaytiradi.
«Bu chora vaziyatni tubdan o‘zgartirmaydi»
Moliya vazirligi qarori AQSh sanksiya siyosatiga zid bo‘lgani boisidan ekspertlar tanqidiga uchradi. Ular cheklovlarning yumshatilishi narxlarga qisman ta’sir qilishini , neft savdosi esa AQSh hujum qilayotgan Eron rejimini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlashyapti.
Blackstone Compliance Services kompaniyasi direktori David Tannenbaum BBC’ga shunday dedi: «Yumshoq qilib aytganda, qaror — mutlaqo bema’nilik. Aslida biz Eronga neft sotishga ruxsat beryapmiz, bu esa keyinchalik harbiy harakatlarni moliyalashtirish uchun ishlatilishi mumkin».
Shuningdek, ekspertlar Eron nefti global narxlarni keskin tushira olishiga shubha bildiryapti. Narxlar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilishi va AQSh prezidenti Donald Trumpning urush yakuni haqidagi ziddiyatli bayonotlari fonida bir barrel uchun 120 dollargacha ko‘tarildi. Ta’kidlashicha, muhokama qilinayotgan hajm global talabga nisbatan uncha katta emas.
«Bu taklifni biroz oshirishi mumkin, lekin vaziyatni tubdan o‘zgartirmaydi, aksincha ko‘plab savollarni paydo qilyapti», — deydi Yangi Amerika xavfsizlik markazining katta ilmiy xodimi Rachel Ziyemba.
O‘z navbatida, Eron rasmiylari hozirda xalqaro bozorlarga taklif etish uchun ortiqcha neft yo‘qligini aytyapti. Eron neft vazirligi vakili Saman Goddusi AFP’ga bergan izohida shunday dedi: «Hozirda Eronda na dengizdagi tankerlar, na boshqa bozorlarga yetkazib berish uchun ortiqcha neft deyarli qolmagan. AQSh moliya vazirining bayonoti xaridorlarga umid berishga qaratilgan».
Yaqin Sharqdagi mojaroning kuchayishi fonida global miqyosida neft yetkazib berishda uzilishlar kuzatilyapti. Jahon neft eksportining qariyb beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kema qatnovi deyarli to‘xtab qoldi, bu esa yonilg‘i narxlarining ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSh va Isroil hujumlari to‘xtamaguncha neft yetkazib berishni to‘sib turishini bildirgan.
Moskvaga nisbatan sanksiyalarning yumshatilishi ham Yevropa yetakchilari tomonidan keskin tanqid qilindi. Ular bu Vladimir Putin rejimini mustahkamlashi va Ukrainadagi urushni cho‘zishini aytishyapti.
Shu hafta Vakillar palatasi Eron neft sektoriga nisbatan sanksiyalarni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini qabul qilgandi. AQSh Moliya vazirligining yuqoridagi qarori mamlakat ichida qanday qabul qilinishi hozircha noma’lum.
Mavzuga oid
19:54
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xavfsizligi tashabbusini 20 dan ortiq davlat qo‘llab-quvvatladi
17:35
Eron urush va iqtisodiy inqiroz fonida rekord qiymatdagi banknotni muomalaga chiqardi
14:37
O‘zbekistonlik harbiylar AQShda o‘tkazilgan musobaqada rekord natija qayd etishdi
14:30