Jahon | 20:40 / 23.03.2026
675
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyo bo‘ylab o‘smirlarning 15 foizi ruhiy muammolarga ega ekani aytildi

Ruhiy buzilishlar va psixoaktiv moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq buzilishlar tibbiyotning dolzarb muammosiga aylanib bormoqda.

Foto: Shutterstock

Kasalliklarning global yukini o‘rganish shuni ko‘rsatdiki, butun dunyo bo‘ylab o‘smirlarning 15,2 foizi ruhiyat bilan bog‘liq muammolarga ega. Tahlil Molecular Psychiatry jurnalida chop etildi.

Ruhiy buzilishlar va psixoaktiv moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq buzilishlar tibbiyotning dolzarb muammosiga aylanib bormoqda, ayniqsa, o‘smirlar va yoshlar orasida. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab o‘smirlarning taxminan 14 foizi ushbu guruh kasalliklaridan aziyat chekadi. Biroq ko‘pchilik pandemiya bu ko‘rsatkichga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin, degan fikrda. Yoshlarning ruhiy salomatligiga katta e’tibor qaratilayotganiga qaramay, o‘smirlar (10-19 yosh) va yosh kattalar (20-24 yosh) o‘rtasida ruhiy kasalliklar epidemiologiyasi bo‘yicha bilimlarda jiddiy bo‘shliq saqlanib qolmoqda.

Shu sababli, Ohayo shtati universitetidan Milap Nahata boshchiligidagi tadqiqot guruhi 1990 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida ruhiy kasalliklarning global va mintaqaviy tarqalishini baholash uchun 2021 yilgi Global kasallik yuki ma’lumotlar to‘plamidan foydalandi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2021 yilda dunyo bo‘yicha 184,9 million o‘smir (15,2 foiz) va 94,1 million yoshlar (16,1 foiz) ruhiy kasalliklarga chalingan. Xavotir buzilishi ikkala guruhda ham eng keng tarqalgan holat edi (mos ravishda 4,94 foiz va 5,8 foiz), undan keyin depressiv buzilish kuzatildi. Shunisi e’tiborga loyiqki, o‘smirlik davrida ruhiy buzilishlarga ko‘proq erkaklar, o‘spirinlik davrida esa ayollar moyil bo‘lgan. Depressiv va xavotirli buzilishlar va ovqatlanish xulq-atvorining buzilishi ayollarda, autizm spektrining buzilishi, diqqat yetishmasligi va giperaktivlik sindromi, shuningdek, xulq-atvor buzilishi erkaklarda ko‘proq uchradi. Bundan tashqari, 10,1 million o‘smir va 19,6 million yoshlar psixoaktiv moddalarni iste’mol qilish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan.

Kasallikning asosiy og‘irligi Avstraliya va Okeaniya, Shimoliy Amerika va G‘arbiy Yevropa kabi yuqori daromadli hududlarda to‘plangan. Depressiv buzilishlar Shimoliy Amerikada eng ko‘p tarqalgan bo‘lib, G‘arbiy Yevropada o‘smirlar orasida va Lotin Amerikasida yoshlar orasida xavotir buzilishlarining tarqalishi eng yuqori cho‘qqiga chiqdi. 2021 yilda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida mehnatga layoqatli hayot yillarining yo‘qotilishi va mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha tuzatilgan hayot yillarining ko‘payishiga ruhiy kasalliklar asosiy sabab bo‘ldi.

Olimlarning fikriga ko‘ra, ushbu natijalar kovid pandemiyasi fonida yuzaga kelgan o‘smirlar va yoshlarda ruhiy buzilishlar epidemiologiyasidagi reaktiv o‘zgarishlarni aks ettiradi. Biroq, ushbu ma’lumotlarni yangilash uchun 2021 yildan 2026 yilgacha bo‘lgan davrda ruhiy kasalliklarning tarqalishini o‘rganadigan yangi tadqiqotlar talab etiladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid