Jahon | 10:20
1747
5 daqiqa o‘qiladi

WP: Orbanga yaqin shaxslar YeI yig‘ilishlari haqida Moskvaga axborot bergan

“Biz buni anchadan beri gumon qilib kelardik”, - deb Polsha bosh vaziri Vengriya bosh vaziri Viktor Orban atrofidagilar Yevropa siyosatchilari uchrashuvlari haqida Moskvaga axborot yetkazib turgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. The Washington Post ma’lumotlariga ko‘ra, Siyyarto YeI yig‘ilishlari paytida muntazam ravishda Lavrovga qo‘ng‘iroq qilib turgan.

Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati

Polsha bosh vaziri Donald Tusk The Washington Post gazetasi surishtiruviga izoh berdi. Unda Viktor Orban hukumati atrofidagilar Yevropa Ittifoqi majlislaridan olingan ma’lumotlarni Kremlga uzatib kelgani aytilgan.

“Orbanning odamlari YeI Kengashi yig‘ilishlari haqida Moskvaga eng mayda tafsilotlargacha axborot berib turgani haqidagi yangilik hech kimni hayratga solmasligi kerak. Biz buni anchadan beri gumon qilardik. Shuning uchun men faqat o‘ta zarur hollardagina so‘zga chiqaman va faqat kerakli gaplarni aytaman”, — deb yozdi polyak siyosatchisi 22 mart, yakshanba kuni X platformasida.

The Washington Post materialida, xususan, Viktor Orban hukumati uzoq yillar davomida Moskvaga Yevropa siyosatchilari uchrashuvlari jarayoni haqidagi nozik ma’lumotlardan foydalanish imkonini berib kelgani aytilgan.

Nashr suhbatlashgan amaldagi va sobiq yevropalik xavfsizlik rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, Kreml bu axborotni ikki yo‘l bilan olgan: birinchisi — YeI yig‘ilishlarida ishtirok etgan vengriyalik amaldorlar orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri, ikkinchisi esa — Rossiya hakerlarining Vengriya tashqi ishlar vazirligi kompyuter tarmoqlariga kirib borishi orqali.

WP manbalaridan birining aytishicha, Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto YeI yig‘ilishlari orasidagi tanaffuslarda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga muntazam qo‘ng‘iroq qilib, unga “muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tezkor hisobotlar” berib turgan va Yevropa yetakchilari qabul qilishi mumkin bo‘lgan qarorlar haqida xabardor qilgan.

“Shunday qo‘ng‘iroqlar tufayli Moskva ko‘p yillar davomida de-fakto muzokaralar stoli atrofida hozir bo‘lib kelgan”, — dedi WP suhbatdoshi.

Rossiya Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli bosqinni boshlaganidan buyon Siyyarto Moskvaga 16 marta rasmiy tashrif bilan borgan. So‘nggi tashrif 2026 yil 4 mart kuni bo‘lib o‘tgan, o‘shanda u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashgan.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto The Washington Post xabarlarini yolg‘on deb atadi va ular go‘yo parlament saylovlari arafasida Peter Madyarning “Hurmat va erkinlik” (TISZA) muxolifat partiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilganini bildirdi.

“Har doimgidek, feyk yangiliklar. Siz TISZA partiyasini qo‘llab-quvvatlash va Vengriyada urush tarafdori bo‘lgan qo‘g‘irchoq hukumatni o‘rnatish uchun yolg‘on gapiryapsiz”, — deb yozdi Siyyarto X platformasida.

The Washington Post yozishicha, Rossiya Tashqi razvedka xizmati (TRX) Viktor Orbanning saylovlar oldidan reytingini oshirish va “butun saylov kampaniyasi paradigmasini tubdan o‘zgartirish” maqsadida unga nisbatan suiqasdni sahnalashtirish imkoniyatini muhokama qilgan.

Gazeta bu borada Yevropa razvedka xizmati qo‘lga kiritgan va tasdiqlagan TRXning ichki hisobotiga tayangan.

WP yozishicha, Rossiya hokimiyati TRXning ushbu taklifini qay darajada jiddiy ko‘rib chiqqanini aniq aytish qiyin. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu xabarni “dezinformatsiyaning yana bir namunasi” deb atadi. TRX esa izoh berishdan bosh tortdi.

Vengriyada parlament saylovlari 12 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Favorit sifatida muxolifatdagi TISZA partiyasi rahbari Peter Madyar ko‘rilmoqda. U amaldagi bosh vazirning asosiy raqibi hisoblanadi.

Madyarning o‘zi, shuningdek, Vengriya va Yevropa ommaviy axborot vositalari bir necha bor Rossiya saylovlarga faol aralashayotganini ta’kidlagan. Ularga ko‘ra, Kreml Orbanning bosh vazirlik lavozimida qolishidan manfaatdor.

Jumladan, Kreml Orbanni qo‘llab-quvvatlash va uning raqiblarini qoralash uchun ijtimoiy tarmoqlarda kampaniya uyushtirgani haqida ham xabarlar tarqalgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid