Jahon | 15:27
3619
7 daqiqa o‘qiladi

“Energetik otashkesim” – majburiy chorami yo vaqtdan yutish?

Tramp 5 kunlik “energetik otashkesim” e’lon qildi, lekin voqealarning keyingi rivoji borasida savollar ochiq qolmoqda. AQShning bu urushi bevosita Eron, bilvosita Xitoyga qaratilgani yaqqolroq ko‘rinayotgandek. Xalqaro huquq inqirozi – o‘rta va kichik davlatlar uchun ayniqsa xavotirli.

Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturi navbatdagi sonida siyosiy tahlilchilar Umrbek Yusupov va Hikmatilla Kazakbayev ishtirok etdi.

Donald Tramp Eronga nisbatan besh kunlik “Energetik otashkesim” e’lon qilganini qanday tushunish mumkin?

Umrbek Yusupov: Bu qaror ortida arab davlatlarining bosimi bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Chunki bunday masalalarda AQSh prezidenti yakka o‘zi qaror qabul qilmaydi.

AQSh milliy xavfsizlik strategiyasida asosiy raqib sifatida Xitoy ko‘rsatilgan, Rossiya esa ikkinchi darajali omil sifatida qaraladi. Bugungi kunda iqtisodiy qudratning ortishi harbiy salohiyatning ham oshishiga olib kelayotgani hammaga ayon. Shu sababli Xitoyning iqtisodiy imkoniyatlarini cheklash orqali uning harbiy qudratini ham jilovlash mumkin degan qarash mavjud.

Xitoy esa bu borada faol siyosat yuritmoqda. U iqtisodiy diplomatiya orqali turli mintaqalarda o‘z ta’sirini kengaytirmoqda. Masalan, 2011 yilda Liviyadagi harbiy harakatlar vaqtida qisqa muddat ichida qariyb 40 ming nafar xitoylik ishchi evakuatsiya qilingan. Bu Xitoyning u yerda qanchalik kuchli iqtisodiy ishtirokka ega bo‘lganini ko‘rsatadi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Yaqin Sharqdagi vaziyat ham kengroq geosiyosiy raqobatning bir qismi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ba’zi tahlillarga ko‘ra, Xitoy Eron orqali husiylarga ta’sir o‘tkazish imkoniga ega. Biroq hozirgi konfliktning keng ko‘lamli urushga aylanish ehtimoli past. Dastlab 48 soat deb belgilangan muddat, 120 soat (5 kun) deb uzaytirilgani ham e’tiborga loyiq. Bu holat jarayonning dinamik ekanini ko‘rsatadi. Vaziyatning keyingi rivoji ko‘p jihatdan arab davlatlari va Isroilning ushbu holatni qanday qabul qilishiga bog‘liq.

Bundan tashqari, vaqt yutish omili ham muhim rol o‘ynashi mumkin. Chunki harbiy mobilizatsiya murakkab jarayon bo‘lib, katta mablag‘ va tayyorgarlikni talab etadi. AQSh va Isroilning so‘nggi harbiy xarajatlari sezilarli darajada oshgani, qo‘shimcha moliyalashtirish masalasini ham kun tartibiga olib chiqmoqda.

Shuningdek, mintaqadagi harbiy kuchlarning qayta joylashtirilishi ham muhim omil. Masalan, Osiyo-Tinch okeani hududidan, shuningdek, O‘rta Yer dengizi va Qizil dengiz mintaqalaridan kuchlar Eron atrofiga ko‘chirilmoqda. Bu esa ayrim hududlarda vaqtinchalik zaiflashuvga olib kelishi mumkin va uni qoplash uchun qo‘shimcha resurslar talab etiladi. Shu sababli, hozirgi pauza ko‘proq strategik vaqt yutish harakati sifatida baholanishi mumkin. Agar muzokaralar ijobiy natija sifatida taqdim etilsa, ushbu muddat yana uzaytirilishi ehtimoli ham mavjud.

Hikmatilla Kazakbayev: Eronning ehtimoliy javob zarbalari asosan arab davlatlariga ko‘proq ta’sir qiladi. Kuni kecha Eron raketalari Isroilning yadroviy obektlariga yetib borganini ko‘rish mumkin. Demak, Eron javob tariqasida Isroilning ham energetik infratuzilmasiga zarba berishi ehtimoli mavjud.

Isroilda taxminan 5 ta yirik energetika obekti mavjud, Eronda esa ularning soni 300 ga yaqin. Balki Isroildagi obektlarning ayrimlari kichikroqdir, ammo baribir nishonlar sonining kamligi Eron uchun zarba berishni osonlashtiradi. Ya’ni Eron aniq nishonlarni belgilab, qisqa muddatda jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Arab davlatlariga kelsak, ularning energetika tizimlari o‘zaro integratsiyalashgan. Shu sababli bitta davlatga berilgan zarba avtomatik ravishda boshqalariga ham ta’sir ko‘rsatadi. Aynan shu omil vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Shu bois, ehtimol, tomonlar keskin qarorlardan qaytishi ham mumkin – masalan, bir necha kundan so‘ng muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlangani e’lon qilinishi ehtimoli bor.

Ochig‘i, AQShning bu hududga qo‘shin olib kelishini dastlab men to‘liq urush boshlanishi sifatida baholamagan edim. Bu ko‘proq Eronga bosim o‘tkazish, muzokaralarda ustunlikka erishish uchun qilingan harakat deb o‘ylagandim. Biroq Isroil omili sabab vaziyat keskinlashdi. Ko‘rinadiki, Isroil muzokaralar natijasidan qat’i nazar, Eron bilan to‘qnashuvga oldindan tayyor bo‘lgan. Go‘yoki jarayon allaqachon ortga qaytmas bosqichga kirib bo‘lgandi.

Hozirgi vaziyatda ham Tramp qarorlarining oqibatlarini hisobga olishi kerak. Chunki har qanday harbiy harakatlar Isroil va arab davlatlariga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Masalan, dastlab Eronda gaz va neft obektlariga hujumlar boshlangan edi, keyinchalik to‘xtatildi, sababi – Eronning javob zarbalari va bu zarbalarning mintaqaviy oqibatlari.

Masalan, Qatardagi gaz infratuzilmasiga berilgan zarba ham suyultirilgan gaz bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatyapti. Demak, tomonlar zarbalarning oqibatlarini yaxshi tushunmoqda. Eronning ehtimoliy javobi ayrim kichik davlatlar uchun yanada og‘irroq zararga olib kelishi mumkin.

Eron – katta davlat, aholisi 90 milliondan ortiq. Bahrayn yoki Qatar kabi kichik davlatlar bilan solishtirganda, hudud va infratuzilma jihatidan ancha ustun. Agar ular Eronga bir nechta raketa uchirsa, bu katta ta’sir bermasligi mumkin. Ammo Eronning bitta aniq zarbasi ham ular uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli yuqori.

Bu yerda “noteng yo‘qotishlar” tushunchasi yuzaga chiqadi. Masalan, arzon dron yordamida qimmatbaho harbiy tizimlar yo‘q qilinishi mumkin, 20 ming dollarlik vosita 1 milliard dollarlik tizimni ishdan chiqarishi ehtimoli mavjud. Bu esa zamonaviy urushlarning o‘ziga xos xususiyatini ko‘rsatadi.

To‘liq suhbatni YouTube'dagi “Geosiyosat | Kun.uz” kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Tayyorlagan Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid