Jahon | 09:35
1703
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu: Isroil Eron va Livandagi nishonlarga hujumni to‘xtatmaydi

Isroil harbiylari Eron va Livandagi nishonlarga zarbalar berishda davom etmoqda, deb ma’lum qildi Netanyahu. Tehron ham Isroilga qarshi raketa uchirdi. Bundan oldin Tramp Eron rahbariyati bilan “samarali muzokaralar” bo‘lganini aytgan edi.

Foto: Ibrahim Amro/AFP

Isroil Eron va Livandagi nishonlarga zarbalarni davom ettirmoqda. Bu haqda Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 23 mart, dushanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan video murojaatida bayonot berdi.

“Biz ham Eronga, ham Livanga zarbalar berishda davom etmoqdamiz. Biz (Eronning) raketa va yadroviy dasturini yakson qilyapmiz hamda ‘Hizbulloh’ga jiddiy talafot yetkazishda davom etyapmiz”, — dedi Netanyahu. “Bir necha kun oldin biz yana ikki nafar (eronlik) yadroviy olimni yo‘q qildik, bu esa hali oxiri emas”.

Shu bayonotida Isroil bosh vaziri AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbati haqida ham ma’lum qildi. Netanyahuning so‘zlariga ko‘ra, suhbat davomida Amerika rahbari Isroil va AQSh armiyalarining “ulkan yutuqlari”dan “tomonlarning hayotiy muhim manfaatlarini” himoya qiladigan kelishuv doirasida harbiy maqsadlarga erishish uchun foydalanishga umid bildirgan.

Trampning o‘zi esa bundan oldin Eron bilan “samarali muzokaralar” va Yaqin Sharqdagi o‘zaro kelishmovchiliklarni “sharsiz tarzda hal etish” haqida ma’lum qilgan edi. Shu munosabat bilan AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida “Eronning elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga har qanday harbiy zarbalarni besh kunga kechiktirish”ni topshirgani aytilgan.

Biroq Eron hukumati Trampning bayonotlarini rad etdi. Vashington bilan muzokaralar “bo‘lmagan ham, hozir ham yo‘q”, deb xabar qildi Eron davlat axborot agentligi Tasnim, yuqori lavozimli manbaga tayanib.

24 martga o‘tar kechasi Eron Isroil shimoliga raketa bilan hujum qildi, deb xabar berdi Isroil mudofaa armiyasi (TSAHAL) va havo hujumidan mudofaa kuchlari “tahdidni bartaraf etish ustida ishlayotgani”ni ma’lum qildi.

Jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.

Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) esa Dimona va Eylat shaharlari, shuningdek, mintaqadagi AQShning bir nechta harbiy bazalariga zarba berilganini ma’lum qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid