Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Saudiya AQShga aviabazani ochdi, BAA esa Eron aktivlarini cheklamoqda
Ar-Riyod AQShga “Qirol Fahd” aviabazasidan foydalanishga ruxsat berdi va jangovar harakatlarga qo‘shilish haqida qaror qabul qilish arafasida turibdi. BAA esa Dubaydagi Eron muassasalarini yopdi va Eron aktivlarini muzlatishga tayyor, deb xabar qildi The Wall Street Journal.
Foto: Win Mcnamee/Getty Images
AQShning Fors ko‘rfazidagi ittifoqchilari Eronga qarshi urushga asta-sekin jalb etilmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal gazetasi 23 mart, dushanba kuni manbalarga tayanib xabar berdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, to‘xtovsiz hujumlar bu davlatlar iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazgan va Tehronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan uzoq muddatli nazorat o‘rnatish imkonini berishi mumkin.
Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, Saudiya Arabistoni yaqinda Amerika kuchlariga Arabiston yarimorolining g‘arbida joylashgan Qirol Fahd nomidagi aviabazadan foydalanishga ruxsat bergan. Holbuki, jangovar harakatlar boshlanishidan oldin podshohlik o‘z hududi yoki havo makonidan Eronga zarba berish uchun foydalanishga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan edi.
Manbalarga ko‘ra, valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon endi tiyib turish siyosatini qayta tiklashga intilmoqda va jangovar harakatlarga qo‘shilish haqida qaror qabul qilishga yaqin turibdi. Ulardan biri: “Bu faqat vaqt masalasi”, degan. “Saudiya Arabistonining Eron hujumlariga nisbatan sabri cheksiz emas. Ko‘rfaz davlatlari javob qaytara olmaydi, deb o‘ylash katta xato bo‘ladi”, dedi podshohlik tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farhon o‘tgan hafta.
Birlashgan Arab Amirliklari esa, o‘z navbatida, Eron aktivlarini cheklashga kirishdi. Bu Tehron rahbariyatining muhim moliyaviy manbalaridan biriga zarba berishi mumkin. Shu bilan birga, mojaroda harbiy ishtirok etish ehtimoli ham muhokama qilinmoqda. Dubay Eron kasalxonasi va Eron klubini yopdi. Hukumat iddaosiga ko‘ra, bu muassasalar “BAA qonunchiligini buzgan holda rejim va Islom inqilobi muhofizlari korpusi manfaatlarida foydalanilgan”.
Ko‘p yillar davomida Eron biznesi uchun moliyaviy hab vazifasini o‘tab kelgan BAA, shuningdek, milliardlab dollarlik Eron aktivlari muzlatilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Bu qadam Tehronning xorijiy valuta va jahon savdo tarmoqlariga chiqish imkoniyatini jiddiy ravishda cheklashi mumkin.
WSJ manbalari ta’kidlashicha, Eron qo‘shni davlatlarni harakat qilishga majbur etmoqda, xususan, urush tugagach Ho‘rmuz bo‘g‘ozini boshqarishda o‘ziga alohida o‘rin talab qilayotgani bilan. Manbalarga ko‘ra, Tehron o‘tayotgan kemalarga hujum qilib, ayrim tankerlarni esa o‘tkazib yuborish orqali bo‘g‘ozni amalda to‘sib qo‘ygan.
Manbalarning aytishicha, Eron tomoni arab amaldorlariga Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tish uchun haq undirish niyati borligini ma’lum qilgan. Bu Misrning Suvaysh kanali tajribasiga o‘xshatilmoqda.
Ko‘rfaz davlatlari rahbarlari, ayniqsa BAA va Saudiya Arabistoni yetakchilari, Tramp bilan muntazam telefon muloqotlarida AQShni ishni oxiriga yetkazishga va keyingi qadamlarga o‘tishdan oldin Eronning harbiy salohiyatini yo‘q qilishga chaqirmoqda. WSJ manbalariga ko‘ra, ular xavfsizlik sohasidagi sheriklik va bu munosabatlarga kiritilgan katta sarmoyalarga qaramay, Tramp ma’muriyati qarorlariga jiddiy ta’sir o‘tkaza olmayotganidan ham norozi.
Suhbatdoshlar ta’kidlashicha, yuz berayotgan voqealar arab davlatlarini tiyib turishni tiklash uchun ehtimol javob zarbasini berishga ham majbur qilishi mumkin. AQSh xavfsizlik kafolatlari va Eron bilan diplomatik muloqotni tahdidlardan himoya sifatida qabul qilish o‘zini oqlamadi. Bu o‘tgan hafta, Eron Qatardagi Ras-Laffan energetika habiga, Qizil dengizdagi Saudiyaning muhim energetika markaziga, shuningdek Kuvayt va BAAdagi obektlarga hujum qilganida yaqqol namoyon bo‘ldi. Qatar bu hujumni xavfli keskinlashuv va milliy xavfsizlikka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sifatida qoraladi.
Mavzuga oid
18:06
Eron bilan urushning to‘rtinchi haftasi. Hozircha g‘olib yo‘q
15:27
“Energetik otashkesim” – majburiy chorami yo vaqtdan yutish?
14:47
Trampning neft narxini qulatgan bayonoti arafasida birjada shubhali bitimlar amalga oshirildi
11:38