Jahon | 13:10
1619
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina 15 000 ta tutib oluvchi dron buyurtma qildi

Ukraina Germaniyaning Quantum Systems kompaniyasidan 15 000 ta tutib oluvchi dron buyurtma qildi. Bu buyurtma kompaniyaning Ukrainadagi WIY Drones dron ishlab chiqaruvchisiga sarmoya kiritganidan keyin amalga oshirildi.

Foto: Efrem Lukatsky/AP

Uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Germaniyaning Quantum Systems kompaniyasi Ukraina Milliy gvardiyasi uchun 15 000 ta tutib oluvchi dron yetkazib berish bo‘yicha buyurtma oldi. Bu haqda 23 mart, dushanba kuni Bavariyada joylashgan kompaniyaning press-relizida ma’lum qilindi.

Buyurtma Quantum Systems’ning Ukrainadagi WIY Drones ishlab chiqaruvchisiga sarmoya kiritishi ortidan amalga oshirilgan.

“Yuqori tezlikdagi havo nishonlarini tutib qolish uchun maxsus ishlab chiqilgan STRILA tutib oluvchi droni ishlab chiqarishi har ikki kompaniyaning hamkorligi tufayli kengaytiriladi”, — deyiladi press-relizda.

Kompaniya ta’kidlashicha, ishlab chiqarish birinchi navbatda Ukrainada kengaytiriladi, bu esa “shoshilinch ehtiyojlarni qondirish”ga qaratilgan.

Quantum Systems’ning bosh direktorlaridan biri Sven Kruk Ukraina mutaxassislari “dunyodagi eng samarali dronlarga qarshi texnologiyalardan ayrimlarini ishlab chiqqanini” ta’kidladi. Uning aytishicha, kompaniya ushbu texnologiyalarni sanoat miqyosida joriy etmoqda va Ukraina havo hududi xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shmoqda.

Ishlab chiqaruvchi STRILA droni haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni “yaqin vaqtda” e’lon qilishini bildirdi.

13 fevral kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Quantum Systems va Ukrainaning Frontline Robotics kompaniyasi hamkorligidagi Quantum Frontline Industries loyihasi doirasida dronlar qo‘shma ishlab chiqarilishini boshlab bergan.

Korxona 2026 yil oxirigacha Ukraina Qurolli kuchlariga kamida 10 000 ta dron yetkazib berishni rejalashtirgan.

“Shu yo‘l bilan biz Ukrainaga kurashida yordam beramiz”, — dedi Pistorius. “Ammo bu biz uchun ham foydali”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Xavfsizlik sababli korxona joylashuvi oshkor etilmagan.

20 fevral kuni Germaniya, Fransiya, Polsha, Buyuk Britaniya va Italiyadan iborat besh davlat (E5 guruhi) arzon havo mudofaa tizimlari va avtonom dronlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi dasturni boshlaganini e’lon qildi.

LEAP (Low-Cost Effectors and Autonomous Platforms) deb nomlangan ushbu tashabbus Yevropa havo hududiga tahdidlarni samarali va arzon usulda bartaraf etishga qaratilgan.

Bungacha arzon dronlarni tutib qolish uchun millionlab dollarlik qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilar edi. Yangi dastur esa arzon “kinetik yoki elektron effektorlar” (sun’iy intellektga asoslangan qurilmalar) orqali tahdidlarni ancha arzon narxda yo‘q qilishni maqsad qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid