Jahon | 07:17
3517
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda ilmiy-fantastik uslubdagi osmono‘par bino qurilishi boshlandi

Yangi piramidal shakldagi osmono‘par binoga birinchi qarashdayoq uni fantastik filmdan olingan kadr yoki chiroyli taqdimot bilan cheklanishi mumkin bo‘lgan navbatdagi jasur konsept deb qabul qilish mumkin. Biroq vizualizatsiyalardan tashqarida ham loyiha haqiqiy shakl kasb etgan: qurilish ishlari boshlang‘ich bosqichga chiqqan.

Foto: Skidmore, Owings & Merrill

Alatau Iconic Complex and Gateway District deb nom olgan majmua Skidmore, Owings & Merrill (SOM) arxitektura byurosi tomonidan ishlab chiqilgan. Bu AQShdagi eng baland osmono‘par bino va dunyodagi eng baland inshoot loyihasini yaratgan byurodir.

Ushbu hudud Qozog‘istonda hozir barpo etilayotgan yangi Alatau shahrida joylashadi va u mamlakatning iqtisodiy hamda ma’muriy markaziga aylanishi kutilmoqda.

Kompozitsiyaning markaziy qismi o‘xshash, ammo asimmetrik shakllarga ega bo‘lgan ikki minoradan iborat bo‘ladi. Ularning tashqi ko‘rinishi Ile Olatau tog‘ tizmasi vodiylari va muzliklaridan ilhomlangan.

Mazkur hudud yuqori seysmik faollik bilan ajralib turgani sababli, minoralar loyihasida ularning barqarorligini ta’minlash uchun jiddiy xavfsizlik choralari ko‘zda tutilgan. Hozircha muhandislar qaysi tizim tanlanishi bo‘yicha yakuniy qarorga kelmagan: yoki avtomobil podveskasi tamoyili asosida ishlaydigan yaponcha seysmik tebranishlarni yumshatish modeli, yoki o‘ta mustahkam po‘lat karkasdan foydalanishga asoslangan Amerika yondashuvi qo‘llanishi mumkin.

Asosiy minoraning balandligi 272 metr bo‘ladi. Unda ofis binolari va elita toifasidagi turar joylar joylashadi. Qurilish yakunlangach, u Olmaota mintaqasida va Qozog‘iston janubidagi eng baland bino bo‘ladi.

Uning yonida joylashadigan 80 metrli ikkinchi minorada esa hashamatli mehmonxona va apartamentlar bo‘ladi, bu esa hududning ko‘p funksiyali xususiyatini yanada kuchaytiradi.

Har ikki bino yuqori samarador fasadlar va quyosh issiqligini kamaytiradigan soyalash tizimlari bilan jihozlanadi. Markaziy atriumlar esa tabiiy yorug‘likning chuqur kirib borishini ta’minlaydi va atrofdagi tog‘larga panoramali manzara ochadi.

Minoralar poydevorida yashillikka burkangan, uch qavatli stilobat joylashadi. Unda do‘konlar, madaniy makonlar va tadbirlar o‘tkazish maydonlari bo‘ladi.

Qurilish maydonida tayyorgarlik ishlari allaqachon faol olib borilmoqda, keng ko‘lamli yer ishlarini esa may oyida boshlash rejalashtirilgan.

Har ikki osmono‘par binoni 2029 yil oxirigacha qurib bitkazish kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid