Jamiyat | 19:10
2054
3 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda ikki kishi mushuklarni qiynab o‘ldirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliqda mushuklar qiynoqqa solingani va o‘ldirilgani aks etgan videolar tarqaldi. Ikki kishi ularni tepgan va miltiqdan o‘q uzgan. Voqea 2025 yil dekabrda sodir bo‘lgan. Aybdorlar aniqlanib, sud qilindi.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lingani aks etgan videolar tarqaldi.

Kadrlarda bino ichida bir kishi mushukni tepib, unga jarohat yetkazgani aks etgan. Jonivor o‘zini olib qochishga uringan, biroq lavhalarning birida u harakatsiz bo‘lib qolganini ko‘rish mumkin. Shundan so‘ng zo‘ravon uni ko‘tarib, xonadan chiqib ketgan.

Keyinroq kadrda qo‘lida qurol bo‘lgan boshqa bir erkak paydo bo‘ladi. U ham mushuklarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lib, miltiqdan ular tomon bir necha bor o‘q uzadi. Boshqa bir yozuvda esa arqonga osib qo‘yilgan jonsiz mushukni ko‘rish mumkin.

Toshkent viloyati IIBB mazkur holat 2025 yilning dekabr oyida Bo‘stonliq tumani Yangiqo‘rg‘on mahallasidagi mehmonxonalardan birida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

IIV Jamoat xavfsizligi departamenti matbuot xizmati Gazeta’ga aniqlik kiritishicha, 2025 yil 27 dekabr kuni ro‘y bergan voqeaga aloqador shaxslar aniqlangan, ularning harakatlari yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, sudga oshirilgan.

Ushbu shaxslar Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanida ishlovchi fuqarolar – 1993 yilda tug‘ilgan Sh. M. va 1996 yilda tug‘ilgan A. A. ekani ma’lum bo‘lgan. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) va 220–1-moddasi (Qurolning qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishi) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.

2026 yil 26 mart kuni bo‘lib o‘tgan sud qarori bilan, 33 yoshli (M.Sh.)ga nisbatan MJtKning 111-moddasi (Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish) bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi, 30 yoshli (A.A.)ga nisbatan MJtKning 220(1)-moddasi (Qurolning qonunga xilof muomalasi) bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Toshkent viloyati IIBB  matbuot xizmati hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabat uchun qonunchilikda javobgarlik muqarrarligi, ma’muriy jazo qo‘llangandan so‘ng bu kabi harakatlar takroran sodir etilsa, jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid