Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiya benzin eksportini to‘xtatdi
TASS xabar qilishicha, Rossiyadan benzin eksporti kamida avgustgacha taqiqlanadi. Chora Erondagi urush ortidan yonilg‘i narxlari o‘sgani sabab joriy etilmoqda: benzinni tashqi bozorlarda sotish ichki bozorga nisbatan foydaliroq bo‘lib qolgan.
Foto: AP
Rossiya hukumati 1 apreldan bozorning barcha ishtirokchilari uchun benzinni eksportga sotishni taqiqlaydi. Mamlakat Energetika vazirligi tegishli qarorni tayyorlamoqda, deb xabar qildi Rossiya OAV 27 mart, juma kuni, bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novakning Rossiya neft kompaniyalari va sohaviy idoralar vakillari bilan o‘tkazgan yig‘ilishi yakunlariga tayanib.
Mamlakat hukumatining matbuot xizmatida bildirilishicha, taqiq benzin narxlarini “barqarorlashtirish va ichki bozorni ustuvor tarzda ta’minlash”ga xizmat qilishi kerak. U Rossiya hukumati boshqa davlatlar hukumatlari bilan tuzgan kelishuvlar doirasidagi yetkazib berishlarga, shuningdek dizel yonilg‘isiga tatbiq etilmaydi.
Shu bilan birga, RF Energetika vazirligi mamlakatda neftni qayta ishlash hajmlari 2025 yil mart oyi darajasida saqlanib qolayotganini bildirmoqda — bu esa ichki bozorni neft mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash imkonini beradi, deb yozadi “Kommersant” gazetasi.
“Gazprom neft” rahbari Aleksandr Dyukov Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqining RF prezidenti Vladimir Putin ishtirokidagi yig‘ilishi kuluarlarida RFdan benzin eksportini taqiqlash Eronga qarshi AQSh va Isroil urushi oqibatlari fonida “zarur” ekanini aytdi.
“Biz nafaqat neft, balki neft mahsulotlari bo‘yicha ham jahon narxlarining sezilarli o‘sishini ko‘ryapmiz. Rossiya bozoridagi benzin tashqi bozorlarga ‘yuvilib ketmasligi’ uchun, ya’ni uni u yerda yuqori narxlarda sotish holati yuzaga kelmasligi uchun shunday taqiq kerak”, — deya biznesmendan iqtibos keltiradi “Kommersant”.
Bunday taqiq Rossiyada birinchi marta joriy etilayotgani yo‘q — mamlakat hukumati bunday cheklovlarni Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan keyin va Rossiya NQIZga qilingan hujumlar ortidan bir necha bor kiritgan. RFdan benzin eksporti bo‘yicha so‘nggi cheklovlar faqat 2026 yil yanvar oxirida yumshatilgan edi.
25 martga o‘tar kechasi Ukraina Leningrad viloyatidagi Ust-Luga portiga zarba berdi, bu ham Rossiyaning neft mahsulotlarini eksport qilish imkoniyatlarini chekladi. “Kommersant” manbasiga ko‘ra, shu sabab yaqin vaqt ichida Rossiyada neftni qayta ishlash va qazib olish darajasi pasayishi mumkin.
Isroil va AQSh 28 fevral kuni ertalab Eron hududidagi obektlarga ommaviy zarbalar berib, hujum boshladi. Janglarning birinchi kuni Eron oliy rahbari Ali Xominaiy hamda bir qator yuqori lavozimli amaldorlar va kuchishlatar tuzilmalar vakillari o‘ldirildi. O‘ldirilgan Ali o‘rniga uning 56 yoshli o‘g‘li Mujtaba Xominaiy keldi.
Urushning butun dunyo uchun sezilarli oqibatlaridan biri yonilg‘i narxlarining keskin tebranishi bo‘ldi. Bunga Eronning kemalarga zarbalari tufayli dunyo neft ta’minotining taxminan 20 foizi o‘tadigan muhim yo‘lak — Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakat to‘xtab qolgani sabab bo‘lgan.
Jumladan, 9 mart kuni savdolar ochilishi paytida Brent nefti kotirovkalari bir barrel uchun 120 dollarga yaqinlashgan. Yil boshida esa shu turdagi neft bir barrel uchun 60 dollardan sotilayotgan edi. Ayni paytda Fors ko‘rfazi davlatlari neft qazib chiqarish hajmi qisqargani haqida xabar bera boshladi — eksport imkoni bo‘lmagan sharoitda uni joylashtirish qiyinlashgan.
Yonilg‘i inqirozi fonida AQSh Ukrainadagi urush sabab Rossiya neft sektoriga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni yumshatdi. Xususan, dengizdagi kemalar bortida turgan Rossiya neftini Xitoydan tashqari barcha davlatlarga sotib olishga ruxsat berildi. AQSh moliya vaziri Skot Bessent fikricha, sanksiyalarning vaqtinchalik yumshatilishi Rossiyaga bir oyda ikki milliard dollargacha daromad keltirishi mumkin.
Mavzuga oid
10:18
Ukrainada urush uchun pul iyungacha qolgan
09:33
Putin va milliarderlarning yopiq uchrashuvi tafsilotlari ochiqlandi
23:00 / 27.03.2026
Rossiyalik deputatlar ko‘p yillar davomida birinchi marta AQSh Kongressiga bordi
18:40 / 27.03.2026