Jahon | 18:43
3347
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp: Eronda allaqachon «rejim o‘zgardi»

U Mujtaba Xominaiy yoki vafot etgani, yoki og‘ir yaralanganini taxmin qilgan.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp urush boshida va keyingi zarbalar natijasida Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy va boshqa ko‘plab yuqori martabali shaxslar o‘ldirilganidan keyin Eronda allaqachon «rejim o‘zgarishi ro‘y berdi» deb hisoblamoqda.

«Biz ishlayotgan odamlar – butunlay boshqa odamlar guruhi… Ular juda professional», – degan Tramp Financial Times’ga bergan intervyusida.

Bundan tashqari, u Eronning yangi oliy rahabri etib saylangan Mujtaba Xominaiy yoki vafot etgani, yoki og‘ir yaralanganini taxmin qilgan.

«O‘g‘li yoki o‘lgan, yo juda og‘ir ahvolda. Biz u haqda umuman hech narsa eshitmadik. U g‘oyib bo‘ldi», – deydi Amerika prezidenti.

U keyinroq Vashingtonga uchayotgan samolyot bortida ham jurnalistlarga ushbu so‘zlarini takrorladi: «Agar ko‘rib turgan bo‘lsangiz, rejim o‘zgarishi allaqachon ro‘y bergan, chunki birinchi rejim yo‘q qilingan, vayron bo‘lgan, ularning barchasi o‘lgan. Keyingi rejimdagilarning ham aksariyati o‘ldi, uchinchi rejimda esa biz avval hech qachon aloqa qilmagan odamlarimiz bilan ishlayapmiz. Bu butunlay boshqa odamlar guruhi. Shuning uchun men rejim o‘zgardi deb hisoblayman va to‘g‘risini aytganda, ular juda aqlli odamlar».

AQSh va Isroilning 28 fevral kuni yo‘llagan dastlabki zarbalari oqibatida Eronni 1989 yildan buyon boshqarib kelgan Ali Xominaiy halok bo‘lgandi. Mart oyi boshida uning o‘g‘li Mujtaba Xominaiy mamlakatning yangi rahbari etib saylangani e’lon qilindi. Ammo u hozirgacha jamoatchilikka ko‘rinish bermadi, mahalliy rasmiylar u dastlabki kunda yo‘llangan zarbalar oqibatida yaralanganini tasdiqlagan. Ayrim manbalarga ko‘ra, ayni vaqtda Moskvaga davolanish uchun olib ketilgan.

Tramp so‘nggi haftalarda Eron rasmiylari bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilayotganini aytmoqda. OAVda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, AQSh bilan muzokaralarni Eron tomondan mamlakat parlamenti spikeri Muhammad Boqir G‘olibof olib bormoqda. Ammo Eron tomoni bu xabarlarni rad etgan.

30 mart kuni Pokiston tashqi ishlar vaziri Ishoq Dar Misr, Saudiya Arabistoni va Turkiyadan kelgan hamkasblari bilan maslahatlashuvdan keyin «yaqin kunlar ichida» Islomobodda AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida xabar berdi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid