Jahon | 22:39 / 30.03.2026
5185
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda odamlarni bo‘sh uylarda dafn qilish taqiqlanadi

Xitoy hukumati vafot etgan qarindoshlarning xokini bo‘sh xonadonlarga ko‘mishni taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Bunday amaliyot qabristonlarda joy tanqisligi va ularning narxi oshishi sharoitida aholining tez qarishi tufayli paydo bo‘ldi.

Foto: Getty images

Xitoyda 31 mart kuni yangi qonun kuchga kiradi, unga ko‘ra oilalarga marhum qarindoshlari xokini ko‘p qavatli uylardagi bo‘sh xonadonlarda saqlash taqiqlanadi. Bu haqda Financial Times (FT) gazetasi yozdi.

Mamlakatda bunday amaliyot aholining tez qarishi va qabristondagi joylar narxining oshishi fonida paydo bo‘ldi, buning natijasida turar joy xonadonlari jasad xokini saqlash uchun jozibali joyga aylangan edi. Xitoyda urbanizatsiyaning kuchayishi shahar qabristonlari sonini cheklagan bo‘lsa-da, ularga bo‘lgan talabning oshishiga olib keldi.

Bundan tashqari, Xitoy hukumati fuqarolarga turar joylarni 70 yilga foydalanishga beradi, qabristonlardagi joylar esa 20 yilga ijaraga beriladi.

Yangi qonun xitoyliklarni dafn etishning muqobil usullarini, xususan, «ekologik qabrlarni» tanlashga undaydi. Bunday amaliyotlarga dengiz ustida xokni sepib yuborish kabilar kiradi.

Qonun an’anaviy Sinmin bayrami arafasida kuchga kiradi, u 2026 yilda 5 aprelga to‘g‘ri keladi. Shu kuni xitoyliklar ajdodlar qabrini ziyorat qiladi.

FT ta’kidlaganidek, Xitoyda aholi qarishining eng tez sur’atlaridan biri qayd etilgan. 2025 yilda mamlakatda 7,9 million chaqaloq tug‘ildi va 11,3 million kishi vafot etdi. Yil yakuniga ko‘ra, aholining umumiy soni qariyb 1,4 mlrd kishini tashkil etdi.

FT 2025 yil iyul oyida Xitoy bolalar bog‘chalarida to‘rt yil ichida tug‘ilishning keskin pasayishi tufayli tarbiyalanuvchilar soni 25 foizga kamayganini yozgan edi. Bu butun mamlakat bo‘ylab o‘n minglab maktabgacha ta’lim muassasalarining yopilishiga olib keldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid