Jahon | 09:07 / 31.03.2026
2321
4 daqiqa o‘qiladi

Myanmada xunta rahbari prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatildi

Amalda Myanmani boshqarayotgan harbiy xunta rahbari Min Aun Xlayn mamlakat prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surildi. Buning uchun u 2011 yildan buyon egallab kelgan oliy bosh qo‘mondon lavozimini tark etdi.

Foto: AFP

Myanma parlamenti quyi palatasi amalda mamlakatni boshqarayotgan harbiy xunta rahbari Min Aun Xlaynni uch nafar vitse-prezidentdan biri lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Myanma qonunchiligiga ko‘ra, keyingi prezident aynan shu uch nafar vitse-prezident orasidan tanlanadi. Bu haqda 30 mart, dushanba kuni AFP agentligi mahalliy OAVga tayanib xabar qildi.

Prezident lavozimiga saylanish imkoniga ega bo‘lish uchun 69 yoshli Min Aun Xlayn 2011 yil mart oyidan buyon egallab kelgan oliy bosh qo‘mondon lavozimini ham tark etdi. Siyosiy tahlilchi Naing Min Kxantning fikricha, Myanma hokimiyatining bu qadamlari 2021 yilda davlat to‘ntarishini amalga oshirgan xunta rahbari “qonuniylik niqobini saqlagan holda”, “mamlakatni temir qo‘l bilan boshqarishda davom etmoqchi” ekanini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, BBC qayd etishicha, Min Aun Xlayn oliy bosh qo‘mondon lavozimini tark etish orqali o‘z hokimiyatini xavf ostida qoldirmoqda. U bu lavozimga o‘z tarafdori, razvedkaning sobiq rahbari Yye Vin Ooni tayinladi, biroq aytilishicha, armiyaning ayrim yuqori martabali qo‘mondonlari mamlakat boshqaruvidan norozi. Ular tomonidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy tahdidning oldini olish maqsadida Min Aun Xlayn maslahat kengashi tuzgan bo‘lib, bu tuzilma unga, rejaga ko‘ra, harbiy soha ustidan ham nazoratni saqlab qolish imkonini beradi.

Myanmada 2021 yil fevralida harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgan edi. Mamlakat rahbarlari, jumladan davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va prezident Vin Min hibsga olingan. Hokimiyat Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni Min Aun Xlayn va harbiy tuzilmalar qo‘liga o‘tgan.

Generallar to‘ntarishni 2020 yilgi saylovlarda go‘yoki qonunbuzarliklar bo‘lgani bilan asoslashga uringan. O‘sha saylovlarda Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Aun San Su Chji boshchiligidagi “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi katta ustunlik bilan g‘alaba qozongan edi. Biroq harbiylar bu qoidabuzarliklarga doir hech qanday dalil taqdim etmagan. Aun San Su Chji bir qator ayblovlar bo‘yicha aybdor deb topilib, qamoqqa olingan. 2024 yil aprelida esa u uy qamog‘iga o‘tkazilgan.

2025 yil iyulida favqulodda holat rejimi tugagani rasman e’lon qilindi, ammo amalda mamlakatdagi hokimiyat hamon harbiylar nazorati ostida qolmoqda. 2025 yil dekabri — 2026 yil yanvarida esa mamlakatda to‘ntarishdan keyingi ilk parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Ularning yakunlariga ko‘ra, parlamentning har ikki palatasidagi o‘rinlarning katta qismi xuntaga yaqin bo‘lgan “Ittifoq birdamligi va taraqqiyoti partiyasi” (USDP) a’zolari hamda harbiylar tomonidan egallandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid