Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Sudlardan norozi erkak Oliy sud qarshisidagi daraxtga chiqib oldi
Shundan keyin Oliy sud raisi uni qabul qilib, shikoyatini tingladi. Idora matbuot xizmati daraxtga chiqish kabi usullar masalani hal etishga xizmat qilmasligini, murojaatlar belgilangan tartibda qilinishi kerakligini bildirdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat
47 yoshli erkak O‘zbekiston Oliy sudi binosi oldidagi daraxtga chiqib, o‘ziga oid jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlaridan noroziligini bildirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda shu holat aks etgan surat tarqaldi.
Oliy sud xabariga ko‘ra, voqea 30 mart kuni ro‘y bergan. Erkak pastga tushirilgach, Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov uni qabul qilgan va shikoyati tegishli tartibda o‘rganish uchun rasmiylashtirilgan.
Jinoyat ishi tarixi
Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2020 yil 5 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, mazkur fuqaro A.Ch. Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlanib, unga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Birinchi instansiya sudining hukmi yuqori instansiya sudlarida ko‘rib chiqilib, o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Bundan tashqari, A.Ch. 2025 yil 29 noyabr kuni Oliy sud raisi tomonidan qabul qilinib, unga nisbatan chiqarilgan sud qarorlarini o‘zgartirish uchun asoslar yetarli emasligi ma’lum qilingan.
“Daraxtga chiqish kabi harakatlar masalani hal etishga xizmat qilmaydi”
“Fuqarolarning sud himoyasidan foydalanish huquqi qonun bilan kafolatlangan bo‘lib, ular Oliy sudga belgilangan protsessual tartibda erkin va to‘siqsiz murojaat qilish imkoniyatiga egadir. Shu bois, murojaat qilish uchun noodatiy yoki xavfli harakatlarga qo‘l urishning hojati yo‘q.
Xususan, mazkur holatdan kelib chiqib ta’kidlanadiki, Oliy sudga murojaat qilish uchun daraxtga chiqish kabi harakatlar talab etilmaydi va bunday usullar masalani hal etishga xizmat qilmaydi. Aksincha, murojaatlar qonun hujjatlarida belgilangan tartib va shakllar orqali amalga oshirilishi lozim.
Fuqarolarga huquqiy madaniyatni yuksaltirish, murojaat qilishning qonuniy mexanizmlaridan to‘g‘ri foydalanish va o‘z huquqlarini qonuniy usullar orqali himoya qilish tavsiya etiladi”, – deyiladi Oliy sud bayonotida.