Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
To‘rtta viloyatda zararkunanda chigirtkalar tuxumdan chiqa boshladi
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ularga qarshi kurash ishlariga 700 nafarga yaqin mutaxassisni jalb etdi.
Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida zararkunanda chigirtkalar tuxumdan chiqa boshladi. Ularga qarshi kurash ishlariga 700 nafarga yaqin mutaxassis jalb etildi. Bu haqda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 22 martdan, Samarqandda 24 martdan, Jizzaxda esa 28 martdan boshlab zararli chigirtkalar tuxumdan chiqa boshlagani aniqlangan. Aniqlik kiritilishicha, gap 1−2 yoshdagi marokash chigirtkasi haqida bormoqda va mutaxassislar ularning qishloq xo‘jaligi yerlari va aholi tomorqalariga tarqalishining oldini olish ustida ishlamoqda.
Ta’kidlanishicha, barcha hududlarda kuzatuv-nazorat ishlari kuchaytirilib, chigirtka to‘dalari aniqlangan joylarda kimyoviy kurash o‘tkazilmoqda.
1 aprel holatiga ko‘ra, kurash tadbirlariga 53 ta yuqori unumli purkagichli maxsus avtomashina, 194 ta purkagichli traktorlar, 1000 tadan ortiq motorli osma qo‘l purkagichi, 25 ta suv tashuvchi transport vositasi, 66 ta mototsikl shay holatga keltirilgan. Yoqilg‘i-moylash mahsulotlari va kimyoviy vositalar zaxiralari shakllantirilgan.
2026 yilda jami 651,8 ming gektar maydonda kimyoviy ishlovlar o‘tkazilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar 22 ming gektardan ortiq maydonda kuzatuv olib borilgan, 3641 gektarda kimyoviy kurash o‘tkazilgan. Kimyoviy ishlovlar olib borish bepul asosda tashkil etilgan.
Chigirtkalarga qarshi kurashish uchun barcha viloyatlarda shtablar, tumanlarda esa tezkor kurash otryadlari tashkil etilgan.
«O‘zbekistonda 200 ga yaqin chigirtka turi mavjud bo‘lib, har yili 6−8 turdagi to‘da hosil qiluvchi zararkunanda chigirtkalarga qarshi kurash olib boriladi. Mavsumni betalafot o‘tkazish uchun chigirtka xizmati 24/7 rejimiga o‘tkazildi. Kuzatuv-nazorat va qarshi kurash tadbirlariga respublika bo‘yicha jami 700 nafarga yaqin mutaxassis jalb etildi», deyiladi agentlik xabarida.
Mavzuga oid
18:13 / 21.05.2026
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi
19:30 / 15.03.2026
O‘zbekistonga Xitoydan 100 ta agrodron olib kelindi
15:41 / 23.02.2026
Yer unumdorligiga qarab yer solig‘i hisoblanishi tartibi o‘zgaradi
18:37 / 30.01.2026