Jahon | 16:56
2794
6 daqiqa o‘qiladi

Eron futbolida nima gap?

AQSh va Isroil Eronga qarshi boshlagan urushini butun dunyo aholisi o‘z tanasida his qilmoqda. Urush sabab dunyo energetika zanjirida uzilish bo‘ldi, neft mahsulotlari tanqisligi hamma narsaning narxini oshirdi. Eronda hayot izdan chiqdi, u yerdagi hammaga juda qiyin bo‘ldi. Quyida Eron futboli qanday qiyin kunlarni boshdan kechirayotgani haqida gaplashamiz.

«Eron mundialga boradi»

Demak futbol muxlislarini o‘ylantirayotgan birinchi savol: Eron milliy jamoasi AQShda o‘tadigan jahon chempionatiga boradimi? Ha, boradi. FIFA prezidenti Janni Infantino buni rasman tashkilot nomidan aytib tasdiqladi. Eron mundialga bormasligi haqida mish-mishlar chiqdi, lekin bu borada rasman hech qanday bayonot berilmadi.

Jurnalistlar Trampdan ham bu haqda so‘rashdi. «Bu umuman meni o‘ylantiradigan masala emas», deb javob berdi AQSh prezidenti. Ya’ni AQSh Eron mundialga borishiga qarshilik qilmoqchi emas. Bunday bo‘lganida Tramp «yo‘q, Eronga ruxsat bermaymiz», deb aytgan bo‘lardi.

Amerikaga viza olish shundog‘am qiyin ish, Tramp kelgach bu yanada qiyinlashdi. Eron milliy jamoasi-ku FIFA orqali viza olishi muammo bo‘lmasa kerak. Lekin eronlik muxlislar Amerikaga borishda muammoga duch kelishi ehtimoli yuqori. Ikki davlat o‘zaro urush holatida, dushmanlik cho‘qqiga chiqqan. Avvalo eronliklar yoppasiga Amerikaga borishga intilmasa ham kerak.

Biroq Eron Amerika mundialida muxlislar qo‘llovisiz qolmasligi aniq. Amerikaning agressiv urushi sabab amerikaliklar Eronni qo‘llasa ham hayron qolmang. Amerika muhojirlar mamlakati, ular orasida ham eng ko‘p qo‘llanadigan jamoa katta ehtimol Eron bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, Eron milliy jamoasi jahon chempionatining «G» guruhida Misr, Belgiya va Yangi Zelandiya bilan kuch sinashadi. Forslarning ikki o‘yini Kaliforniyada, bir o‘yini Sietlda o‘tkaziladi. FIFA Eronning o‘yinlarini Meksika yoki Kanadaga ko‘chirishi ham mumkin, lekin forslar guruhdan chiqsa, baribir Amerikaga borishiga to‘g‘ri keladi. Xullas, bu jarayonni kuzatish qiziq bo‘ladi.

Ozmun xoinmi?

Eronlik futbolchilar orasida eng mashhuri Sardor Ozmun. Turkman millatiga mansub hujumchi shu kunlarda muhokama markazida. Eron nashrlarida yozilishicha, Ozmun milliy jamoadan chetlatilgan va uning mamlakatdagi mol-mulklari musodara qilinishi mumkin ekan. Xabarlarga ko‘ra, Ozmun go‘yoki «Eron dushmanlari bilan hamkorlik qilgani uchun» o‘ziga xos qora ro‘yxatga tushibdi. Barchasiga Ozmun Instagram'da BAA yetakchisi Muhammad ibn Zayd bilan tushgan suratni joylagani sabab ekan.

Biroq bu xabarlarda tushunarsiz detallar bor. Avvalo Ozmun Eron milliy jamoasining oxirgi ikki o‘rtoqlik o‘yinida jarohat sabab ishtirok etmadi. BAA lideri bilan suratni esa Ozmun 2025 yil yanvar oyida joylagan, u payt urush haqida gap-so‘z yo‘q edi. Ozmun yil boshida Erondagi namoyishlarni qo‘llaganini ham aytishadi, lekin o‘sha qo‘llov deyilgan postda Ozmun shunchaki «Eron farzandi ekanini» aytgan.

Eronlik futbolchilar azaldan hukumat muxolif kayfiyatida, erkinlik tarafdori bo‘lishgan, buni oshkor aytishmasa ham. Eron futbolining asosiy arenasi «Ozodi» ekani ham ma’joziy ma’no bildiradigandek. Eron hukumatiga Ozmun kabi yigitlarning «jiddu jahd bilan hukumatni qo‘llamayotgani» yoqmayotgandir. Ishoning, eronlik futbolchilar juda boshqacha yigitlar, ular yevropaliklarga o‘xshaydi. Tabiiyki, ulardan hukumatni askar kabi qo‘llashdek «urapatriotlikni» kutmasa ham bo‘ladi.

Chempionat nima bo‘ladi? Jalol, Oston qaytadimi?

O‘zbek futbol muxlislarini o‘ylantirayotgan yana bir savol: Eron chempionati nima bo‘ladi? Urush sabab chempionat o‘yinlari to‘xtatilgan. Bu avvalo Eron milliy jamoasi futbolchilarining jismoniy holatiga salbiy ta’sir qiladi. Musobaqa boshlanishiga oz qoldi, milliy jamoaning Yevropada o‘ynaydigan yulduzlari ko‘p, lekin asos baribir chempionatdan olinadi. O‘zbek futboli muxlislari uchun Erondagi legionerlar taqdiri ayniqsa qiziq. Chempionat qachon tiklanishi aniq emas, bunday vaqtda FIFA futbolchilar boshqa klublarga o‘tishiga istisno tariqasida ruxsat berishi mumkin.

Hozir Eronda Jaloliddin Masharipov, Oston O‘runov, Rustam Ashurmatov, Odil Hamrobekov kabi to‘p futbolchilarimiz o‘ynaydi. Jalol «Paxtakor»ga qaytishi mumkin, Oston va Rustam uchun allaqachon vodiy jamoalari kurash boshlagan, Hamrobekovni qo‘shib olishni ham istalgan o‘zbek klubi orzu qiladi.

Aytgancha, o‘tgan yil «Neftchi» bilan chempion bo‘lgan qirg‘izistonlik Kojo Joel ham Eronda, balki u ham yana O‘zbekistonda paydo bo‘lishi mumkin. Bu borada hozircha vaziyat mujmal. Xullas, Eron futbolida shunaqa gaplar. Bu borada aniq nimadir bo‘lsa, albatta, sizga xabar qilamiz. Kun.uzʼdan uzoqlashmang.

Ўткир Жалолхонов
Muallif Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid