Jahon | 07:56
2547
2 daqiqa o‘qiladi

Quruqlikdagi “sprinterlar”: eng tez hayvonlar

Ayrim hayvonlar o‘ljasini quvish yoki yirtqichdan qochish paytida juda yuqori tezlikka erisha oladi. Yangi infografikada sayyoradagi eng tez yuguruvchi quruqlikda yashovchi sut emizuvchilar keltirilgan.

Foto: AP

Eng tez quruqlikdagi sut emizuvchi hayvon — gepard hisoblanadi. U soatiga 114 km tezlikkacha yugura oladi. Ammo amalda o‘ljani quvish vaqtida uning tezligi odatda 80–100 km/soat atrofida bo‘ladi.

Gepard 100 km/soat tezlikka 3 soniyada chiqa oladi, biroq bunday yuqori tezlikni faqat qisqa masofada ushlab turadi.

Eng tez hayvonlar qatorida vilorog va springbok alohida ajralib turadi. Vilorog geparddan qisqa masofada orqada qolsa-da, u uzoq vaqt davomida yuqori tezlikni saqlab tura oladi. Uning qayd etilgan maksimal tezligi — 88,5 km/soat. Springbok ham shunga yaqin natija ko‘rsatadi.

Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, sherlar (ayniqsa, urg‘ochi sherlar) 80 km/soat tezlikkacha yeta oladi. Ammo ular ham gepard kabi bu tezlikni faqat qisqa vaqt saqlay oladi. Gnu va garna antilopalari ham taxminan 80 km/soat tezlikka ega.

Eng tez hayvonlar qatoriga ayrim it zotlari ham kiradi. Masalan, greyxaund (ingliz borzoyi) soatiga 67,3 km tezlikkacha yugura oladi.

Otlarning tezligi zotiga bog‘liq: poyga oti — 70,76 km/soat (2008 yilda rekord), Amerika kvorterxorsi — 88 km/soat gacha tezlashishi mumkin

Yangi infografikada barcha eng tez hayvonlar qamrab olinmagan. Shuningdek, hayvonlarning maksimal va o‘rtacha tezligi turli manbalarga ko‘ra farq qilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid