Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hindiston O‘zbekistonda bodomzorlar tashkil etadi
Hindistonning Shayana Farm kompaniyasi O‘zbekistonda farmatsevtika sohasidagi faoliyatini kengaytirish bilan birga, agrar yo‘nalishda ham yangi loyihalarni boshlashni rejalashtirmoqda. Xususan, kompaniya Namangan viloyatida bodom yetishtirish bo‘yicha investitsiya tashabbusini ishlab chiqmoqda.
O‘zbekistonning Hindistondagi elchisi Sardor Rustamboyev Shayana Farm kompaniyasi raisi Ashok Kumar Tivari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda hind kompaniyasining O‘zbekistondagi mavjud va istiqbolli loyihalari muhokama qilindi. Kompaniya mamlakat farmatsevtika tarmog‘ida qariyb 25 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
Qayd etilishicha, 2017 yilda Toshkent shahrida 4 million dollar investitsiya hisobiga ishga tushirilgan Will Med Farm korxonasi ayni paytda mamlakatda ommabop «Kyupen» preparatini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi korxonalardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan Tashkent Pharma Park innovatsion klasteri hududida qiymati 21 million dollar bo‘lgan yangi zamonaviy zavod qurilmoqda. Tomonlar ushbu loyiha doirasida investitsiya hajmini yana 6 million dollarga oshirish imkoniyatini ham muhokama qildi.
Hindistonlik tadbirkor farmatsevtika bilan cheklanib qolmasdan, qishloq xo‘jaligi sohasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatida ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston agrar sektorda katta salohiyatga ega bo‘lib, bu yerda yetishtiriladigan mahsulotlarga Hindistonda talab yuqori.
Kompaniya ayni paytda O‘zbekistondan quruq mevalar, dukkakli mahsulotlar va shifobaxsh kavrak o‘simligini eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Shuningdek, Hindistonda bodomga bo‘lgan talab yuqori ekani inobatga olinib, Namangan viloyatida bodom yetishtirishga qaratilgan investitsiya loyihasi ham ishlab chiqilmoqda.
Uchrashuvda hind kapitali O‘zbekistonni uzoq muddatli ishlab chiqarish va texnologik o‘sish uchun ishonchli maydon sifatida ko‘rayotgani ta’kidlandi.
Mavzuga oid
19:25 / 01.06.2026
O‘limlar vodiysi – VARANASI | SUBYEKTIV
09:16 / 29.05.2026
Hindiston O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishini qo‘llab-quvvatladi
19:15 / 01.05.2026
MUMBAY. Xarobadagi milliardlar | SUBYEKTIV
08:35 / 27.04.2026