Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xorvatiya o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun eshiklarni ochishi mumkin
O‘zbekistonning Xorvatiyadagi elchisi Oybek Shaxavdinov Zagrebda o‘tkazgan qator uchrashuvlarda mehnat migratsiyasi, qo‘shma ta’lim dasturlari va o‘zbekistonlik mutaxassislarni Xorvatiya mehnat bozoriga tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Foto: “Dunyo” AA
“Dunyo” AA xabariga ko‘ra, O‘zbekiston elchisi Xorvatiya hukumatining qator yuqori martabali vakillari bilan samarali muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvlarda Xorvatiya bosh vaziri o‘rinbosari, dengiz transporti va infratuzilma vaziri Oleg Butkovich, mehnat, pensiya ta’minoti, oila va ijtimoiy siyosat vaziri Alen Rujich, Tashqi va Yevropa ishlari vazirligi davlat kotibi Frano Matushich hamda bosh vazirning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Dino Mixanovich ishtirok etdi.
Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar oliy va yuqori darajadagi tashriflarni tashkil etish, muntazam siyosiy muloqotni faollashtirish hamda ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlovchi hukumatlararo bitimlarni imzolashga tayyor ekanini bildirdi.
Ayniqsa, mehnat migratsiyasi masalasi muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Xususan, o‘zbekistonlik mutaxassislarni Xorvatiyada mehnat qilishi uchun kasbga tayyorlash, qo‘shma ta’lim va til dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish choralari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston elchisi Xorvatiyaning yirik energetika kompaniyasi — JANAF boshqaruvi raisi Stepan Adanich bilan ham uchrashdi. Unda infratuzilma va energetik loyihalar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari, iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish va sheriklikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Mavzuga oid
11:15 / 17.02.2026
Vengriya va Slovakiya Xorvatiyadan Rossiya neftini yetkazib berishni so‘ramoqda
08:25 / 06.02.2026
Namanganda noqonuniy mehnat migratsiyasiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi
20:22 / 28.01.2026
Xorijdan O‘zbekistonga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari miqdori qanday o‘zgaryapti?
12:07 / 17.01.2026