Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siq va notekislik yaratish taqiqlanishi mumkin
Senatning navbatdagi yalpi majlisida yangi tahrirdagi «Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi va ma’qullandi. Unda boshqa narsalar qatori, avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanishi nazarda tutilgan.
Majlisda ta’kidlanishicha, amaldagi ushbu qonun bugungi kun talablariga to‘liq javob bermaydi. Shu sababli unda avtomobil yo‘llari sohasida amal qilinishi shart bo‘lgan asosiy prinsiplar aniq belgilab qo‘yilmoqda. Ya’ni, yo‘llar ilmiy hisob-kitoblar asosida loyihalanishi, qarorlar ochiq va shaffof bo‘lishi, eng muhimi, yo‘l harakati xavfsizligi ta’minlanishi, tabiatga zarar yetkazilmasligi hamda har bir fuqaro yo‘llardan teng va qulay foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.
Qonunda muhim yangilik sifatida avtomobil yo‘llari bepul yoki belgilangan tartibda pulli bo‘lishi mumkinligi mustahkamlanmoqda. Qonunga muvofiq avtomobil yo‘llari sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi belgilanmoqda.
Qayd qilinishicha, qonunda yo‘l harakati xavfsizligiga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, avtomobil yo‘llarida sun’iy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanmoqda, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi esa faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Qonunda pulli yo‘llarni tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirish, to‘lovlarni avtomatlashtirilgan tarzda undirish, foydalanuvchi va operator o‘rtasidagi ommaviy shartnoma kabi munosabatlar tartibga solinmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi yo‘l infratuzilmasi rivojlanishiga, harakat tezligi ortib, tirbandliklar kamayishiga, yo‘l-transport hodisalari soni qisqarishiga zamin yaratadi.
Mavzuga oid
22:27 / 07.04.2026
Davlat organi yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qarori tufayli yetkazilgan zararni qoplash tartibi belgilanadi
18:28 / 07.04.2026
Renovatsiyada mulkdorlarga yetkazilgan noqulaylik uchun qo‘shimcha kompensatsiya to‘lanishi mumkin
19:05 / 31.03.2026
Talaba qizlarga harbiy tayyorgarlikdan o‘tish huquqi kafolatlanishi mumkin
19:30 / 27.02.2026