Jahon | 08:32 / 07.04.2026
2848
3 daqiqa o‘qiladi

Vengriya Rossiya gazi keladigan quvurni harbiy nazoratga olmoqda

Vengriya Qurolli kuchlari Rossiya gazi yetkazib beriladigan quvur tarmog‘ining bir qismini qo‘riqlashni kuchaytiradi. Bundan oldin Serbiya va Vengriya chegarasidagi gaz quvuri yaqinida portlovchi modda topilgan edi.

Foto: Anastasia Solnseva / TurkStream

Vengriya armiyasi mamlakat hududidan o‘tuvchi “Turk oqimi” gaz quvurining bir qismini qo‘riqlovga oladi. Bu haqda Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto dushanba, 6 aprel kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. Bu qaror Serbiyada Vengriyaga olib boruvchi gaz quvuri yaqinida portlovchi qurilma aniqlanganidan bir kun o‘tib qabul qilindi.

“Bu gaz quvuri Vengriyaga tabiiy gaz yetkazib berish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega, chunki mamlakatimiz gaz tizimidagi tabiiy gazning 56 foizi, ya’ni yarmidan ko‘pi ‘Turk oqimi’ orqali keladi”, — dedi Siyyarto.

Siyyartoning qo‘shimcha qilishicha, quvurni himoya qilish choralarini ko‘rish bo‘yicha Vengriya, Rossiya, Serbiya va Turkiya o‘zaro kelishib olgan. Vengriya mudofaa vaziri Krishtof Shalay-Bobrovnitskiy esa quvurning mazkur qismi qo‘riqlovi “havodan patrul qilish va yer ustidagi nazorat” yordamida kuchaytirilganini ta’kidladi.

5 aprel kuni Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanga Rossiya gazini, jumladan Vengriyaga ham yetkazib beradigan gaz quvurida kuchli portlovchi qurilma hamda portlatish uchun zarur detonatorlar topilganini ma’lum qilgan edi. Portlovchi moddalar Serbiya shimolidagi Voyevodina avtonom o‘lkasida aniqlangan.

Vengriya tashqi ishlar vaziri Serbiya hududidagi gaz quvurida diversiyaga urinishni mamlakat suverenitetiga to‘g‘ridan to‘g‘ri tajovuz deb atadi va Ukraina aloqador bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi.

“Avvaliga ular (ukrainlar — tah.) Ukraina orqali o‘tuvchi yirik gaz quvurini to‘sib qo‘ydi, keyin esa ‘Drujba’ neft quvuri orqali tashuvlarni qayta tiklamadi, so‘nggi haftalarda esa o‘nlab dronlar Rossiya hududidagi ‘Turk oqimi’ gaz quvuriga bir necha bor hujum qildi”, — deb yozdi Siyyarto.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi vakili Georgiy Tixiy esa Kiyevning Serbiyada “Turk oqimi” quvuri yaqinidan topilgan portlovchi moddalarga hech qanday aloqasi yo‘qligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Serbiyadagi, Vengriyaga Rossiya gazini yetkazib beruvchi quvurda diversiyaga urinish Rossiyaning “begona bayroq ostidagi operatsiyasi” bo‘lishi mumkin. Bunday harakatning maqsadi esa parlament saylovlari arafasida mamlakatdagi kayfiyatga ta’sir ko‘rsatish bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid