Jahon | 09:45
3465
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Xitoy Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini to‘sdi

Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi erkinligini himoya qilish zarurati haqida so‘z borgan Bahrayn rezolyutsiyasi BMT Xavfsizlik Kengashidagi ovoz berishda Rossiya va Xitoy vetosi sabab qabul qilinmay qoldi. Ular o‘z hujjat loyihasini taklif qilishga va’da berdi.

Foto: OON/Eskinder Debebe

Bahrayn taklif etgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat haqidagi rezolyutsiya BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiya va Xitoy vetosi tufayli qabul qilinmadi. Bu haqda BMT saytida 7 aprel, seshanba kuni xabar berildi. Ma’lum qilinishicha, hujjatni 11 davlat qo‘llab-quvvatlagan, Pokiston va Kolumbiya esa betaraf qolgan.

“Rezolyutsiya loyihasida Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi erkinligini himoya qilish, shuningdek, xalqaro dengiz qatnoviga to‘sqinlik qilish urinishlarini jilovlash maqsadida savdo va tijorat kemalarini kuzatib borishni ham o‘z ichiga olgan muvofiqlashtirilgan ‘mudofaa xususiyatiga ega sa’y-harakatlar’ni rag‘batlantirish zarurligi aytilgan”, — deyiladi BMT press-relizida.

Rossiyaning BMT huzuridagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya so‘zlariga ko‘ra, Moskva “xalqaro huquq, xalqaro dengiz huquqi, har qanday tinchlik sa’y-harakatlari hamda BMT Xavfsizlik Kengashi nufuzi uchun xavfli pretsedent yaratadigan matnni qo‘llab-quvvatlay olmas edi”. Moskva yaqin orada Pekin bilan birgalikda “muqobil rezolyutsiya loyihasi”ni taqdim etishini bildirgan.

Xitoyning BMT huzuridagi doimiy vakili Fu Tsun esa Bahraynning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha rezolyutsiyasi “bir tomonlama qoralovni o‘z ichiga olgani va bosim o‘tkazishga urinish” ekanini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, AQShning “sivilizatsiyani yo‘q qilish” haqidagi tahdidlari fonida bunday rezolyutsiyaning qabul qilinishi soxta signal bo‘lar edi.

Bahrayn tashqi ishlar vaziri Abdulatif bin Rashid Al-Zayoniy loyiha qabul qilinmaganidan afsus bildirdi.

“Ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinmasligi dunyo xalqlariga noto‘g‘ri signal yuboradi. Ya’ni xalqaro suv yo‘llariga tahdidlar xalqaro hamjamiyat tomonidan qat’iy choralar ko‘rilmasdan jazosiz qolishi mumkinligi haqidagi signalni beradi”, — dedi u.

Diplomatning aytishicha, rezolyutsiya loyihasida Eronni o‘z xalqaro majburiyatlarini to‘liq bajarishga va qo‘shni mamlakatlarga hujumlarni to‘xtatishga chaqiriq ham bo‘lgan.

AQShning BMT huzuridagi doimiy vakili Mayk Uols Vashington Fors ko‘rfazi mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlashini, Xitoy va Rossiya esa “Fors ko‘rfazi davlatlarini qo‘rqitish va ularni bo‘ysundirishga urinayotgan rejim tomonini olganini” bildirdi.

Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozini blokada qilishi oqibatida jahon bozoriga chiqadigan neft hajmi amalda 20 foizga qisqardi. Donald Tramp Tehrondan blokadani bekor qilishni talab qildi, aks holda Eron infratuzilmasining asosiy obektlarini yo‘q qilishini va’da qildi. U belgilagan muddat 8 aprelga o‘tar kechasi tugashi kerak edi.

“Bugun kechqurun butun bir sivilizatsiya halok bo‘ladi va uni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Men buning sodir bo‘lishini istamayman, ammo ehtimol, shunday bo‘ladi”, — deb yozgandi Tramp 7 aprel kuni Truth Social tarmog‘ida.

“Biroq, rejim to‘liq va batamom almashgani va endi unda boshqacha — aqlliroq va kamroq radikal fikrlar ustunlik qilayotgani uchun, ehtimol, inqilobiy va go‘zal biror narsa ham yuz berishi mumkin. Kim biladi?” — deya qo‘shimcha qildi u.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid