Jahon | 08:54
5672
3 daqiqa o‘qiladi

Hegset: Eron endi raketa ishlab chiqara olmaydi

AQSh “Eron mudofaa sanoatini to‘liq yo‘q qilish”ni yakunladi va Tehron endi raketa ishlab chiqara olmaydi, deya bildirdi Pentagon rahbari Pit Hegset. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika harbiylari sulh rejimiga rioya etilishini kuzatib boradi.

Foto: Kevin Lamarque/REUTERS

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegsetning aytishicha, urush davomida Amerika Eronning raketa ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘q qilgan.

«Biz Eron mudofaa sanoatini to‘liq yo‘q qilishni yakunladik, bu bizning missiyamiz markaziy qismi edi. Ular endi raketa ishlab chiqara olmaydi», — dedi Hegset 8 aprel, chorshanba kuni Vashingtonda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron endilikda boshqa ilg‘or turdagi qurollarni ham ishlab chiqarishga qodir emas.

Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi Den Keynning aytishicha, Amerika harbiylari, agar Tramp shunday buyruq bersa, o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv muddati tugagach, Eronga qarshi zarbalarni qayta boshlashga tayyor.

«Aniq bo‘lishi uchun aytaman: o‘t ochishni to‘xtatish — bu tanaffus, xolos, va qurolli kuchlar buyruq yoki so‘rov bo‘lsa, safarbar etilishga tayyorligicha qoladi», — dedi Keyn.

Hegset ham o‘z navbatida Amerika qo‘shinlari jangovar shay holatda qolayotganini va istalgan paytda, qo‘yilgan maqsadlardan qat’i nazar, operatsiyalarni qayta boshlashi mumkinligini ta’kidladi.

«Biz hech qayerga ketmaymiz. Biz Eron o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilayotganini kuzatib turibmiz», — dedi u.

7 aprel kuni Markaziy Yevropa vaqti bilan kechqurun AQSh prezidenti Donald Tramp besh haftadan ortiq davom etgan urushdan so‘ng Amerika «o‘zining barcha harbiy maqsadlarini bajardi va hatto ortig‘i bilan ado etdi», deb bayonot berdi. Shu bilan birga, u ikki haftalik o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuv e’lon qilinganini ma’lum qildi. Tramp ma’lumotiga ko‘ra, ushbu kelishuvga muvofiq, Eron strategik va iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini kema qatnovi uchun ochishga rozi bo‘lgan.

Tehron esa, o‘z navbatida, sulhni o‘z g‘alabasi sifatida baholadi va Vashington Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratini tan olganini bildirdi.

Urush 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalari bilan boshlangan edi. Bu hujumlar oqibatida oliy rahbar Ali Xominaiy hamda rejimning yana qariyb 50 nafar yuqori lavozimli vakili halok bo‘lgan. Tehron bunga javoban Isroilga, Fors ko‘rfazi davlatlariga va mintaqadagi Amerika obektlariga raketa hamda dronlar orqali zarbalar bergan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid